"KOVENT-GARDEN" (ing. Covent Garden), "Qirol opera teatri K.-G." — Londondagi opera va balet teatri, Angliya opera sanʼatining eng yirik markazi. 1732-yilda tashkil topgan. 1930-yillardan Davlat teatri. "K.-G."da dastlab dramatik, musiqali va balet spektakllari bilan birga sirk tomoshalari ham namoyish etilgan. 18- a. oʻrtasidan musiqali spektakllar, 1847-yil dan boshlab faqat opera va balet spektakllari qoʻyiladi. Repertuaridan mumtoz (G.F. Gendel, G. Pyorsell, V. A. Motsart, L. Betxoven, K. M. Veber, J. Rossini, G. Donitsetti, J. Verdi, R. Vagner, P. Chaykovskiy va boshqalar) hamda 20-asr, jumladan, Angliya kompozitorlari (F. Dilius, ayniqsa, B. Britten va boshqalar) asarlari oʻrin olgan. 19-asr oxiridan barcha operalari muallif yozgan tilda ijro etiladi. Yevropaning eng mashhur dirijyorlari (G. Maler, F. Motl, B. Valter, O. Klemperer, R. Kubelik, G. Rojdestvenskiy va boshqalar) hamda xonandalari (M. Malibran, J. Grizi, P. Viardo-Garsiya, A. Patti, E. Karuzo, M. Kallas, T. Gobbi, N. Gyaurov, K. Bergonsi, F. Shalyapin va boshqalar) "K.-G." spektakllarida ishtirok etgan. Teatr rivojiga Angliya dirijyorlaridan T. Bichem, G. Vud, A. Kouts, Ch. Makkeras, xonandalaridan J. Saterlend, M. Kolyer, G. Jons, G. Evans, P. Glossop, D. Uord va boshqa katta hissa qoʻshgan. 1946-yildan "K.-G." sahnasida "Sedlers Uells balle" truppasi (1957-yildan "Qirol baleti" nomida) balet spektakllari qoʻyilmoqda. Hozirgi binosi 1858-yilda qayta qurilgan (zali 2200 oʻrinli).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil