Dahana va qayroqqum mozorlari — soʻnggi jez davri (mil. av. 2-ming yillikning oxirgi choragi — 1-ming yillikning boshlari) qabilalarining yodgorligi. Arxeologlar A. P. Okladnikov (1954) va B. A. Litvinskiy (1955—56) tomonidan oʻrganilgan. Fargʻona vodiysining shim.-gʻarb tomonidagi Qayroqqum choʻli va Asht tumani (Tojikiston)ning Dahana qishlogʻidan topilgani uchun shu nom bilan yuritiladi. D. va Q.m.da olib borilgan arxeologik qazishlar vaqtida 10 qabr ochib tekshirilgan. Qabrlar taxta toshlardan yasalgan tobut (sarkofag)lardan iborat. Mayyitlar bukchaytirilgan holda yonbosh bilan qoʻyilgan. Har bir qabrdan sirti naqshlangan sopol parchalari, jez bilaguzuklar, qoʻngʻiroqsimon isirgʻalar, koʻplab munchoqlar topilgan. D. va Q. m.ga oid yodgorliklar oʻzining naqshi, shakli, ishlanish usuli bilan Jan. Sibir, Qozogʻiston va Oʻrta Osiyo choʻllarida keng tarqalgan Andronovo madaniyatiga oʻxshash ekanligini koʻrsatadi. D. va Q.m.da dafn etilgan ajdodlarimiz qabrlaridan topilgan ashyolardan maʼlum boʻlishicha, ularning hayotida chorvachilik muhim rol oʻynagan. Ular Fargʻona vodiysiningChust madaniyati qabilalari bilan yaqin aloqada boʻlganlar.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil