"DAYMLER-BENS AT" - yetakchi nemis avtomobil konserni. 1926-yilda Gottlib Daymler va Karl Bens tomonidan Germaniyaning Shtutgart sh.da tashkil etilgan. Asosan yengil va yuk avtomobillari, ogʻir yuk tortuvchi tyagachlar, kichik va katta yoʻlovchi avtobuslar, mikroelektronika, aviaapparatlar, aviadvigatellar va b. ishlab chiqaradi. Mersedes-Bens AG (yengil va yuk avtomobillari i.ch., savdo va avtoservis), Daymler-Bens Industri — "AYEG" (mikroelektronika, dizel kuch agregatlari, avtomatlashtirish uchun texnika, telemexanika vositalari va b.), Daymler-Bens Aerospeys — "Daza" AG (aviatsiya, kosmonavtika, harbiy va fuqaro sunʼiy yoʻldoshlari tizimi va b.) va Daymler-Bens Inter Servis — "Debis" (moliyaviy xizmatlar koʻrsatish, sugurta, marketing xizmati, kommunikatsiya va aloqa xizmati, xalqaro savdo, koʻchmas mulk menejmenti) kompaniyalari konsern tarkibiga kiradi. Braziliya, Argentina, AQSH, Xitoy, Turkiya, Ispaniya, Italiya singari dunyoning 23 davlatida oʻz korxonalariga ega.

1993-yil "Mersedes-Bens AG" kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda yuk avtomobillari ishlab chikaradigan "Xorazm ishlab chiqarish birlashmasi" qoʻshma korxonasi tashkil etildi. 1996-yil Toshkent sh.da "D.-B.AG"ning Mar-kaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi ochildi. 1998-yil "D.-B.AG" Amerikaning gigant korporatsiyasi "Kraysler" bilan qoʻshilishi natijasida dunyo avtomobilsozligida yetakchi kompaniya "Daymler-Kreysler" tashkil etildi. Yillik savdo oboroti 124 mlrd. nemis markasi. "D.-B.AG"ning dunyo boʻyicha korxonalarida 300 mingdan oshiq ishchi-xizmatchi ishlaydi (1998).

Hamid Azizqoriyev.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil