Darmana (Artemisia cina) — qoqidoshlar (murakkabguldoshlar) oilasiga mansub oʻq ildizli chala buta. Boʻyi 40— 70 sm. Poyasi sershox, qizgʻish. Barglari ikki karra patsimon qirqilgan. Gullari kichik savatchalarda 3—6 tadan joylashgan. Sent.da gullab, oktabrda urugʻ beradi. Jan. Qozogistonda daryo boʻylarida, soylar, tekisliklar va togʻ etaklarida oʻsadi. D. ekiladi ham. Endigina ochila boshlagan toʻpgulidan santonin (S|5N|8O3) olinadi. Toʻpguli va barglarida efir moyi (1,5—3%), betain, xolin, boʻyoq moddalar, olma va sirka kislotalar bor. Toʻpgulining damlamasi hamda santonin gijjalarni tushirishda fonda beradi. D. dan olingan efir moyi (darminol) har xil mikroblarni oʻldiruvchi antiseptik dori sifatida, revmatizm va asab kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bu moydan olinadigan gvayazulen nafas qisishi, revmatizm, ekzema kabi kasalliklarni davolashda va rentgen nurlaridan kuyganda qoʻllanadi.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil