Davlat mulkini boshqarish
Davlat mulkini boshqarish - shaxslar va davlat idoralari tomonidan qonunchiliqda belgilangan huquq va vakolatlar doirasida davlat mulki egasi (egalik, foydalanish, tasarruf etish) vazifalarini bajarish. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va 1990-yil 31 oktabrda qabul qilingan "Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik tugʻrisida" qonuniga koʻra davlat mulkini xalq nomidan (maʼmuriy-hududiy tuzilma aholisi nomidan) tegishli xalq deputatlari kengashi va ular vakolat bergan davlat organlari tasarruf etadi va boshqaradi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi mulkini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati yoki ular vakolat bergan davlat organlari tasarruf etadi va boshqaradi, maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda davlat mulki (kommunal mulk)ga nisbatan mulkchilik huquqini mahalliy hokimiyat idoralari amalga oshiradi. Respublika yoki mahalliy hokimiyat idoralari egaligida boʻlgan mulk xoʻjalik yuritish yoki joriy boshqarish huquqi bilan yuridik shaxslarga berilishi mumkin. Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda davlat korxonalari davlat mulkining muhim obʼyektlariga kiradi va ularni tarmoq vazirliklari boshqaradi, Moliya vazirligi nazorat qiladi. Ayrim mamlakatlarda D.m.b. bilan shugʻullanadigan maxsus vazirliklar taʼsis etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida islohotlarni amalga oshirish davomida 1994-yilda Vazirlar Mahkamasining Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi (1992) hamda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki fondi negizida davlat boshqaruv organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi (Davlat mulki qoʻmitasi) tashkil etildi. Davlat mulki qoʻmitasi davlat korxonalar va b. mulkka, korxonalarning ustav fondidagi davlat hissasiga toʻgʻri keladigan aksiyalar paketi va paylarga mulkchilik huquqini amalga oshiradi. Davlat mulki qoʻmitasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston hududidagi va chet ellardagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki obʼyektlarini boshqarish va tasarruf etish; davlat siyosati qonunchiligi asosida davlat korxonalari, koʻchmas mulk obʼyektlarini va ular joylashgan yer maydonlarini xususiylashtirishi, davlat tarmoq, mintaqa boʻyicha xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tarmoqlararo va mintaqalararo muvofiqlashtirish; Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga rahbarlik; xususiylashtirishni va tadbirkorlikni qoʻllabquvvatlash hamda investitsiyalarni jalb etish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlaydigan bozor infratuzilmalari va muassasalarini barpo etish va b. vazifalarni bajaradi.
Abdulla Abduqodirov.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |