Davlat naslchilik zavodi
Davlat naslchilik zavodi — qishloq xoʻjaligi hayvonlarining maʼlum bir zotini takomillashtirishga ixtisoslashgan oliy toifadagi naslchilik xoʻjaligi; chorvachilikda biror zot bilan uzok, vaqt davomida seleksiya ishi olib boradigan asosiy xoʻjalik. Har qaysi naslchilik zavodida elita va I klass talablariga javob beradigan sof zotli, sermahsul mollarning podasi boʻlishi kerak. Naslchilik zavodlarida naslchilik ishlari 5—10 yil va undan ham ortita moʻljallab tuziladigan istikbol seleksiya-naslchilik ishi rejasi asosida olib boriladi. D.n.z. ning asosiy vazifasi tanlangan molning zotdorligi va mahsuldorlik sifatlarini takomillashtirishdan, shuningdek, naslchilik xoʻjaliklariga nasldor yosh mollar yetishtirib berishdan iborat.
Naslchilik zavodida mollar bir xil tanlash asosida sof zotlarni urchitish usuli bilan koʻpaytiriladi, mavjud zotlar yaxshilanadi va yangi, qimmatli liniya va oilalar yaratiladi. Qarindosh urchitishni har xil darajada qoʻllash bilan birgalikda, zotni tubdan yaxshilash va yangi zot yaratish maqsadida murakkab hamda qon quyish va chatishtirishning boshqa usullari qoʻllanadi. Oʻzbekistonda 42 ta naslchilik zavodi boʻlib, 17 tasi qoramolchilik, 18 tasi qorakoʻlchilik, 2 tasi qoʻychilik, 3 tasi yilqichilik, 1 ta echkichilik va 2 tasi choʻchqachilik bilan shugʻullanadi (2002). Naslchilik zavodlarida yetishtirilgan, oʻstirilgan yosh mollar oʻz podalarini hamda boshqa naslchilik xoʻjaliklarining podalarini toʻldirib boradi, eng sermahsul sigirlardan olingan buqachalar bilan naslchilik korxonalarini taʼminlaydi. OʻzRda naslchilikni rivojlantirishda muhim ishlarni amalga oshirgan xoʻjaliklar koʻp. Xususan, Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani "Savay" D.n.z. 1929 yilda tashkil etilgan. 1970-yillarda xoʻjalikda Avstriya, Rossiyaning Smolensk viloyatidan keltirilgan shvits zotli gunajinlarni mahalliy zebusimon mollari bilan chatishtirish natijasida ularning yangi qoʻngʻir tipi chiqarildi. Xoʻjalikda koʻp yillik tajribalar natijasida sermahsul sigirlarning 28 oilasi yaratilgan. Respublikada turli viloyatlarda joylashgan qoramolchilik D.n.z.da qora-ola, shvits, qizil choʻl, bushuyev zotlari urchitilmoqda. Ularda takomillashtirilayotgan 12 ming boshdan ortiq zotli qoramol bor (2002).
Izatulla Eshmatov.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |