Defektoskopiya (lot. defectus -nuqson va yun. skopeo — qarash) — material va mahsulotlarning nuqsonlari bor-yoʻqligini aniqlash uchun bajariladigan tekshirish usullari va vositalari majmui. D.ning mavjud usullari asosida materiallarga turli xil nurlar, toʻlqin va tebranishlar maydoni va b. taʼsir etib, ularning fizik xossalarini tekshirish yotadi. Oddiy koʻz yoki optik asbob (mas, lupa) bilan tekshirish D.ning eng oddiy usuli hisoblanadi. Nuqsonlarni aniqlash uchun fan va texnikaning boshqa sohalarida ham ishlatiladigan xilma-xil moslama va apparatlar (oddiy oʻlchash asbobidan tortib rentgen qurilmalari va b. murakkab apparatlargacha) qoʻllanadi. D. yordamida mahsulotning ishga yarokli yoki yaroqsizligi korxonalardayoq tez aniqlanadi. D.da mahsulotning sifatiga putur yetmaydi. D.ning xillari: kapillyar, magnit, termoelektr, radio, infraqizil, elektrostatik D., ultratovush, rentgen nuri, gamma-nur bilan oʻtkaziladigan D. va b. Kapillyar D. nuqsoni bor uchastkaning nuqsoni yoʻq uchastkaga nisbatan yorugʻlik va rang kontras-tini sunʼiy ravishda oshirishga asoslangan. Magnit D. ferromagnit materiallardan tayyorlangan buyumlardagi nuqsonlar orqali oʻtadigan magnit maydonning oʻzgarishini tekshirishga asoslangan. Bunda buyumning nuqsonli qismiga magnit kukuni (5—10 mkm li zarra) sepilib, buyum magnitlanganda kukunlar nuqson bor joyga oʻtiradi (rasmga k,.). Ultratovush D. ultratovush chastota diapazonining elastik tebranishlaridan foydalanishga asoslangan. Akssado usuli, soya, rezonans, akustik va b. usullari bor. Akssado usuli eng keng tarqalgan usul boʻlib, bunda buyumga ultratovush tebranishlarining qisqa impulslari beriladi; nuqsondan qaytgan akssadolarning intensivligi va vaqti qayd qilinadi. Termoelektrik D. turli jinslardan yasalgan ikki materialning tegishgan joyini qizdirganda berk zanjirda hosil boʻluvchi e. yu. k.ning oʻzgarishiga asoslangan. Bu usulda material markasi aniklanadi. Radio D. santimetr va millimetr dia-pazonlardagi radiotoʻlqinlarning materiallarga singuvchanlik xossalariga asoslangan. Bu usul bilan poʻlat listlar, chiviqlardagi nuqsonlar, ularning diametri va qalinligi aniqlanadi. Infraqizil D. koʻrinadigan yorugʻlik uchun noshaffof boʻlgan qoʻshilmalarni sezish uchun infraqizil nurlardan foydalanishga asoslangan. Bu usul bilan ish jarayonida qiziydigan buyumlar tekshiriladi. Ultrabinafsha D. usulidan ham foydalanish mumkin. Elektrostatik D. buyumga joylashtiriladigan elektrostatik maydondan foydalanishga asoslangan. Elektr oʻtkazmaydigan materiallar (chinni, shisha, plastmassa) dan, shuningdek, shunday materiallar qoplangan materiallardan yasalgan buyumlardagi yuzaki darzlar aniklanadi. Bunda buyum sirtiga yupqa boʻr qatlami sepiladi va uning zarralari musbat zaryad oladi. Boʻr zarralari elektrostatik maydonining bir jinslimasligi natijasida darz qirralarida toʻplanadi. Rentgen D. rentgen nurlarining materiallarda turlicha yutilishiga asoslangan. Uning fotografik, vizual, kserografik, ion usullari bor. Gamma D. rentgen D.dagi fizikaviy asosga ega boʻlib, bunda turli metallar (kobalt, iridiy va b.) ning radioaktiv izotoplari chikaradigan gamma-nurlarning nurlanishidan foydalaniladi. D.ning koʻplab ishlatiladigan sohalari: 1) mahsulot materialining mikrostrukturasi yoki kimyoviy tarkibidagi nuqsonlarni tekshirish (yoki strukturoskopiya); 2) koʻrinmaydigan darzlarni, quyma ichidagi gʻovaklarni, payvand choklar ichidagi nuqsonlar (boʻshliq, keraksiz jinslar va hokazo) ni aniklash; 3) bevosita oʻlchab boʻlmaydigan yoki oʻlchash qiyin boʻlgan oʻlchamlarning berilgan geometrik oʻlchamlardan farqini aniqlash; mahsulotning himoya qoplamlari (lok, sir, har xil metall qoplamalar) qalinligini na-zorat qilish, ishlov berilgan yuza to-zaligini tekshirish va b.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil