Taqchillik (iqtisodiyotda) – ilgari belgilangan, rejalashtirilgan yoki zarur darajadagi mablagʻ, resurs, tovarlarning yetishmasligi, tanqisligi. Taqchillikning yalpi milliy mahsulot taqchilligi, tovarlar takchilligi, byudjet taqchilligi, taqchil moliyalashtirish, taqchil iqtisodiyot kabi koʻrinishlari mavjud. Taqchillik har qanday darajada iqtisodiy muvozanatni buzadi, qarzlarning toʻplanib borishiga sabab boʻladi. Tovarlar va xizmatlar taqchillikligi xalq isteʼmol mollari va xizmatlarining aholi talab ehtiyojlarini qondirish uchun yetishmasligi, ularni yetarli darajada ishlab chiqarmaslik oqibatida yuzaga keladi. Tovar taqchilligi iqtisodiyotning beqarorligi, undagi mutanosiblikning buzilishi, takror ishlab chiqarishning izdan chiqishi oqibatidir. Uni bartaraf etish uchun tovar ishlab chiqarish, tovar importi bozor talabiga qarab koʻpaytiriladi. Byudjet xarajatlari daromaddan ortib ketsa byudjet takchilligi yuzaga keladi. Bunday taqchillik makroiqtisodiyot darajasida inflyatsiya jarayonining rivojlanib borayotganini, davlat moliyasining inqiroz holatida ekanligini koʻrsatadi. Davlat byudjetida taqchillik byudjetning daromad qismida 20%gacha yoki yalpi milliy mahsulotning 7—8% gacha boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. „Taqchillik“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil