Demodekozlar
Demodekozlar (Demodicoses) — xayvonlarda uchraydigan invazion kasallik. Kasallikni Demodex avlodiga mansub 0,2—0,3 mm kattalikdagi endoparazit kanalar chaqiradi. Kasallik itlarda, qoramolda, choʻchqalarda ogʻir kechadi. Deyarli barcha mamlakatlarda tarqalgan. Kanalar jun ildizlarida, yogʻ bezlarida koloniyalar hosil qilib, dermatit, giperkeratoz keltirib chiqaradi, hayvonlar nihoyatda oriqlab ketadi, yosh mollar nobud boʻlishi ham mumkin. Sogʻ hayvonlarga kanalar kasallaridan va atrofdagi narsalar orqali yuqadi. Qoramollar 6 oylikdan yuqori yoshda, asosan bahor va yoz oylarida kanalar rivojlanib, terining yuza qatlamiga chiqqan davrida kasallanadi. Bunda terining boʻyin, kurak, koʻkrak qafasi va bel qismlarida katta yumaloq shakldagi, diam. 2—10 mm li boʻrtmachalar hosil boʻladi. Uning ustki qismidan qonli yiring , boʻrtma-cha bosilganda esa oqish mumsimon modda chiqadi. Zararlangan joy junlari oldin gajaklanadi, keyin toʻkiladi. Teri qalinlashadi, biroq qichimaydi. Qoʻylarning asosan boshi va boʻyin qismlari jarohatlanadi.
Davolash: teriningjarohatlangan joylari "Dermatozol", "Akrodeks" aerozollari yordamida (har boshga 60— 80 g) 5—7 kun oralatib 3—4 marta dorilanadi; har bosh molga oʻsimlik piretroidlaridan simbushning0,015— 0,02% suvdagi emulsiyasi (2—4 litrdan), 0,05% emulsiyasi (0,5—1,5 litrdan) sepiladi (har 10—12 kunda, 2—4 marta).
Oldini olish. D. bilan kasallangan hayvonlarning butun teri qoplami simbush yoki insektoakaritsid bilan yaxshilab yuviladi. Bino va narsalar preparat bilan dezakarizatsiya qilinadi (kanasizlantiriladi). Hayvonlar saqlanadigan binolarda tozalikka rioya qilinadi, ularni parvarish qilish, saqlash, oziqlantirish yaxshilanadi.
F. Ibodullayev.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |