Dermatomiozit
Dermatomiozit (dermato... va yun. myos — muskul) — koʻpincha muskul, teri va nerv zararlanishi bilan oʻtadigan va kollagenoz turkumiga mansub umumiy kasallik; oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir yoki surunkali boʻladi. Aksari sil, ich terlama, gripp kabi yuqumli kasalliklardan keyin roʻy beradi. Yoshlar va ayollarda koʻproq uchraydi. Dastlab yuz, keyinroq oyoq-qoʻl va badanda kizil, koʻkimtir dogʻlar, tuguncha, pufakchalar paydo boʻladi, Ular anchagina joyni egallashi, hatto butun badanga tarqalishi mumkin, Keyinchalik pufakchalar soʻrilib, oʻrnida qoramtir dogʻ qoladi, teri yupqalashadi (atrofiya). Ogʻiz, tomoq, koʻz shilliq qavati, oyoq-qoʻl, qovurgʻalar orasi, umurtqalar atrofi, hatto koʻz kosasi muskullari ham kasallanadi; bemor darmonsizlanib, tez charchaydigan boʻlib qoladi, baʼzan, harorati koʻtariladi. Ushbu jarayonda plevrit, endokardit kabi kasalliklar paydo boʻladi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab tayinlanadi (asosan kortioksteroidlar buyuriladi). Biriktiruvchi toʻqimaning kasalliklari orasida alohida oʻrin tutadigan xastaliklardan biri bu dermatomiozitdir. Dermatomiozit - ogʻir sistemali kasallik boʻlib, teri va koʻndalang-targʻil muskullarni ustivor zararlash bilan kechadigan biriktiruvchi toʻqimaning diffuz zararlanishidir. Kasallik nisbatan kam uchraydi, T.A.Medsger (1970) boʻyicha, dunyoda har yili 1mln. axoliga 5 ta yangi bemor aniqlanadi. Ammo A.P. Soloveva (1980), G.M. Gext va N.A. Ilinalar (1982) fikricha oxirgi yillarda kasallikni kayd kilish xollari koʻpayib bormoqda. Kasallikni birinchi marotaba 1863-yili Potain, 1875-yili esa E.Wagner kuzatganlar. Keyinchalik, ya’ni 1887-yili Wagner bu kasallikni oʻtkir polimiozit nomi bilan bayon qilib chiqdi, chunki bu bemorda kasallik oʻtkir kechib, terida kasallik alomatlari kuzatilmagan edi. Oradan 4 yil oʻtgach, 1891-yili H.Unverricht bu kasallikning teri va muskullar jaroxati ustivor boʻlgan klassik variantini bayon qilib berdi va “dermatomiozit” deb atashni taklif qildi. Bu kasallik kam uchrashidan tashqari, undan ham kam xollarda oʻz vaqtida toʻgʻri diagnostika qilinadi. Kattalar va bolalar bu kasallik bilan birdek xastalanadilar. Koʻpincha 20-50 yoshlar orasida uchraydi. Ayollar erkaklarga nisbatan koʻproq kasallanadilar (3:2). Dermatomiozitning etiologiyasi aniqlanmagan. Azaldan ma’lum boʻlgan infeksion, allergik, moddalar almashinuvining buzilishi kabi nazariyalar xozirgi kungacha oʻz isbotini topmagan. Kasallikning oʻtkir boshlanishi, boʻshashish, oʻzini yomon xis qilish, xolsizlik (kamquvvatlik), artralgiyalar, mialgiyalar, koʻngil aynishi, yoʻldosh kasallik sifatida infeksion xastaliklar uchrashi yoki yuqumli kasalliklardan keyin boshlanishi kabi omillar dermatomiozitni infeksion xarakterga ega boʻlgan kasallik deb gumonsirashga asos boʻladi. Ammo bu kasallikni qoʻzgʻatuvchisini topish va isbotlash hozirgi kungacha hech kimga nasib qilmagan. Xuddi shuningdek allergik va moddalar almashinuvining buzilishi nazariyalarini ham hozirgacha hech kim isbot qilib bera olmagan.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Yoqubova M.A., Muhammadjonova L.A. “KOLLAGENOZLAR” (Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari davolash, tibbiy pedagogika, pediatriya va stomatologiya fakultetlari 4-kurs talabalari uchun oʻquv qoʻllanma) Andijon – 2018, 102 b.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |