Desyatina
Desyatina (lot. decime) — 1) oʻrta asrlarda Yevropada daromadning cherkovga toʻlanadigan oʻndan bir qismi. Fransiyada Buyuk Karl davridan (779) boshlab D. toʻlash majburiy boʻlgan. Aholining yuqori tabaqasi D.dan ozod etilgan. Bu asosan dehqonlar uchun jabr boʻlib, ular mahsulotning deyarli hamma turlaridan natura shaklida D. toʻlagan. D. Fransiyada 1789—90 yillarda, Gʻarbiy Yevropaning boshqa davlatlarida 19-asrda bekor qilindi. Rossiyada D. knyaz Vladimir Svyatoslavovich (taxminan 978—1015) tomonidan joriy etilgan boʻlib, dastlab cherkov uchun toʻlangan, keyinroq umumiy soliqqa aylanib ketgan; 2) 18-asr boshlarigacha Rossiyada yeparxiyaning bir qismi, cherkov okrugi. D.ga desyatilnik (oʻnboshi) boshchilik qilgan; 3) metrik oʻlchov tizimi qabul qilingunga qadar Rossiyada qoʻllangan asosiy yuza oʻlchovi. 2400 kv. sarjin (1,09 ga) ga teng. 18-asr oxiri — 19-asr boshida xoʻjalik D.si qoʻllanilib, u 3200 kv. sarjin (1,45 ga) ga teng boʻlgan.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |