Lahja
Lahja yoki Dialekt — umumxalq tilining muayyan chegaralangan hududda joylashgan kishilar jamoasida bevosita aloqa vositasi sifatida qoʻllanuvchi va nisbatan yaxlit lisoniy tizim bilan ajralib turuvchi koʻrinishi. Lahja bir qator kattaroq til tuzilmasi tarkibiga kiradi, ushbu butunlikning boshqa qismlariga, boshqa Lahjalariga qarshi qoʻyilib, taqqoslanadi va ular bilan umumiy xususiyatlarga ega boʻladi. Hududiy Lahjalar tovushlar tarkibi, grammatika, soʻz yasalishi, leksika nuqtai nazaridan muayyan tafovutlarga ega boʻladilar. Bunday farqlar sezilmas darajada boʻlib, aniq, bir tilning turli Lahjalarida soʻzlovchilar bir-birini yaxshi tushunishadi (mas, oʻzbek tili Lahja va shevalari), boshqa tillarning Lahjalari bir-biridan kuchli farq qilib, bunda turli Lahjalarda soʻzlovchilarning oʻzaro aloqasi qiyinlashadi yoki mumkin boʻlmaydi (mas, nemis, xitoy tillari Lahjalari). Lahja umumxalq tilining quyi bosqichi hisoblanadi, u shevaga nisbatan keng maʼnoga ega boʻlib, shevalar yigʻindisidan tarkib topadi. Mas, etnogenetik jihatdan koʻp tarkibli boʻlgan oʻzbek tilida 3 ta asosiy Lahja farqlanadi: qorluq-chigil-uygʻur lahjasi — Fargʻona vodiysidagi, Toshkent va Zarafshon vohalaridagi shaharlar va ularga yaqin aholi maskanlari shevalarini oʻzi ichiga oladi; qipchoq lahjasi — Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Shimoliy Xorazmdagi hamda Fargʻona va Ohangaron vodiylaridagi "j"lovchi oʻzbek shevalarini oʻz ichiga oladi; oʻgʻuz lahjasi — Janubiy Xorazm (Urganch, Xiva, Xonqa, Hazorasp va boshqalar) va Turkmanistondagi oʻzbek shevalaridan iborat. Mazkur Lahjalarning fonetikasi, grammatikasi va lugʻat tarkibida bir-biridan farq qiluvchi xususiyatlar mavjud, lekin bu farqlar ularni birbiridan keskin ajratmaydi. Bu Lahjalar oʻzbek xalqi va tilining paydo boʻlishi va rivojlanishida yetakchi oʻrin egallab, qoz. oʻzbek adabiy tilining shakllanishi va undagi ayrim lisoniy hodisalarning barqarorlashishida ishtirok etgan. Qorluq Lahjasining Toshkent va Fargʻona tip shevalari hozirgi oʻzbek adabiy tilining tayanch shevalari hisoblanadi. Oʻzbek adabiy tili hozir ham Lahjalardagi eng ifodali, koʻp maʼnoli soʻzlar va iboralar, maqbul grammatik shakllar hisobiga boyib bormoqda[1].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |