Diatez (yunoncha: diathesis — moyillik) — organizmda moddalar almashinuvi jarayonining tugʻma nuqsoni, unda organizm funksiyalari va moddalar almashinuvi surunkali beqaror holatga keladi, bu esa oʻziga xos patologik reaksiyalar va kasalliklarda namoyon boʻladi. Diatezning kelib chiqishi vegetativ nerv sistemasi, ichki sekretsiya bezlari va odam konstitutsiyasi bilan bogʻliq. Tashqi muhit sharoiti yomonlashganda (ovqatlanish rejimi buzilganda, organizm kasallanganda), markaziy yoki vegetativ nerv sistemasining funksiyasi buzilganda aʼzolar toʻgʻri ishlay olmaydi, moddalar almashinuvi oʻzgaradi, natijada organizmning tashqi muhitga moslanish xossasi susayadi, reaktivligi oʻzgarib, muayyan kasalliklarga moyil boʻlib qoladi. Diatezda hatto odatdagi turmush sharoiti ham patologik reaksiyalarga, kasallikka sabab boʻladi.

Diatez koʻpincha bolalarda kuzatiladi. Diatezning har xil shakllari bor. Ekssudativ-kataral diatez, limfatik-gipoplastik va nervartrik diatez koʻp uchraydi. Nervartrik diatez belgilari yoshga qarab oʻzgaradi: goʻdaklik davrida hazm aʼzolari faoliyati buzilib, bola ozishga moyil boʻladi, asabiylashadi, keyinroq borib, u ozib yoki semirib ketadi, ruhan qoʻzgʻaluvchan boʻladi va hokazo. Gemorragik diatez diatezning alohida bir turi hisoblanadi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil