Diatomit — boʻsh, sertuproq yoki boʻsh sementlangan kremniyli choʻkindi togʻ jinsi. Asosan diatom suvoʻtlardan tash-kil topgan. Tarkibida har xil miqdorda opal sharchalari (globulalar), terrigen va gil minerallari uchraydi. Rangi oq, och kulrang , sargʻish. Sertuproq yoki sementlashgan massalar holida boʻladi. D. mineral tarkibining 70%dan 98% gacha suvli kremnezem (opal)dan iborat. Diatom suvoʻtlarning skeletlari yaxshi eruvchan boʻlganligi sababli D. osongina trepel va opokaga aylanadi. D. boʻr davridan boshlab hosil boʻla boshlagan. Asosiy qismi kaynozoy erasida dengiz va koʻllarda toʻplangan. Issiqlikni yomon oʻtkazadi, kislotaga chidamli. Kimyo, neft, oziq-ovqat, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoatida, shuningdek, issiklik va shovqin oʻtkazmaydigan materiallar tayyorlashda ishlatiladi. Oʻzbekistonda Zarafshon vohasida toʻrtlamchi davr (golotsen) gil va qumtoshlari tagida karbonatlashgan D. qatlamlari uchraydi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil