Dilbar Abdulhamidovna Akramova (1946-yil 15-oktabr) Mehr shafqat va salomatlik jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni.

Biografiyasi tahrir

1946-yil 15-oktabrda Namangan viloyati Uychi tumanida tavallud topgan. 1967-yilda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan. Oʻz faoliyatini 1967-yilda oʻqituvchilikdan boshlagan. 1968-yildan Namangandagi toʻqima matolar ishlab chiqaradigan korxonalarda ishlagan. 1996-yildan respublika Mehr shafqat va salomatlik jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi. 2002-yilda „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlangan.

1962-yilda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga oʻqishga qabul qilinib muhandis-texnolog mutaxassisligi boʻyicha diplom oldi. Otasining izidan borgan Dilbarxon oʻz faoliyatini Namangan viloyati toʻqimachilik texnikumida oʻqituvchilikdan boshladi. Keyinchalik u faoliyatini oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlab chiqarishda davom ettirib, 1968—1970-yillarda Namangan notoʻqima matolar ishlab chiqarish fabrikasi laboratoriya boshligʻi lavozimida ishladi. Oʻz kasbiga nisbatan nihoyatda qiziqishi, fidoyiligi, mehnatsevarligi natijasida Dilbar Akramova notoʻqima matolarni ishlab chiqarish sir-asrorlarini puxta oʻrgandi, shuningdek, fabrikadagi koʻplab yoshlarga bilim va koʻnikmalarini singdirib bordi. Oʻziga nisbatan oʻta talabchan Dilbar Akramova har sohada tengdoshlari va hamkasblariga oʻrnak boʻlgani bois, 1970-yilda shoyi ishlab chiqarish kombinatida yoshlar yetakchisi boʻlib ish faoliyatini davom ettirdi. Ish jarayonida sohani yanada rivojlantirish borasidagi talab va takliflarni izchil oʻrganib, uni amaliyotga tatbiq etdi hamda ijobiy natijalarga erisha oldi. 1975-yilda Dilbarxon avrli shoyi ishlab chiqarish kombinati pillakashlik korxonasiga rahbar oʻrinbosari lavozimiga oʻtka zildi. Ipak mahsulotlariga boʻlgan talab jahon bozorida oshib borayotganligini hisobga olgan Dilbar Akramova, oʻz navbatida, kombinatda mahsulot hajmini bosqichma-bosqich oshirish borasidagi mulohazalarini va izlanishlarini yoʻlga qoʻyib bordi. Mana shunday jarayonlarda u oʻzining tashabbuskorligi bilan korxonada hurmatga sazovor boʻldi. Qaysi korxona yoki tashkilotda ishlamasin, oʻz maqsadlari yoʻlidan ogʻishmaydigan qahramonimiz 1986-yilda Namangan badiiy buyumlar fabrikasida direktor lavozimida faoliyatini davom ettirdi. Ushbu fabrikada oʻn yil davomida samarali mehnat qilgan Dilbarxon Akramova jamoasi bilan bir oiladek boʻlib ishladi hamda fabrikaning rivojlanishiga munosib hissasini qoʻshdi. 1996-yildan boshlab Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik jamgʻarmasi Namangan viloyati boʻlimi raisi lavozimida ishladi. Dilbar Akramova 2016-yilda vafot etgan.[1][2][3][4]

Manbalar tahrir