Dilshod Rajab

Shoir va jurnalist

Dilshod Rajab (1964-yil 7-dekabr) — oʻzbek bolalar shoiri, Jurnalistika sohasida VI “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov sovrindori (2011-yil), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi aʼzosi. 2-darajali Sogʻlom avlod uchun ordeni sohibi.

Dilshod Rajabov
Tavalludi 7-dekabr 1964-yil (1964-12-07) (60 yosh)
Taxallusi Dilshod Rajab
Kasbi jurnalist
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi Oʻzbekiston SSR -> Oʻzbekiston
Mukofotlari Oltin qalam,

Yoshligi

tahrir

Dilshod Rajab 1964-yilning 7-dekabrida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ziyoli oilasida tugʻildi. 1982-yil Navoiy nomidagi 4-oʻrta maktabni oltin medal bilan bitirib, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetiga oʻqishga kirdi.

Faoliyati

tahrir

1983—1985-yillar harbiy xizmatda boʻlib qaytgach, tahsilni davom ettirdi. 1989-yil oliy dargoh tahsilini tugatib, oʻzi oʻqigan 4-oʻrta maktabda oʻqituvchi boʻlib ishladi. 1990—1993-yillar Nizomiy nomidagi TDPI aspiranturasida oʻqib, „80-yillar oʻzbek bolalar sheʼriyatida poetik mahoratning ayrim masalalari“ mavzusida nomzodlik ishini himoya qildi. Dilshod Rajab Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi „Adabiyot jamgʻarmasi“ nashriyotida, Respublika „Shahidlar xotirasi“ xayriya jamgʻarmasida turli lavozimlarda ishladi (1994—2004). 2005-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining „Muhofaza+“ jurnali, „Vaziyat“ gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritadi[1]. Ilk sheʼri „Gulxan“ jurnalida 1978-yilda bosildi, „Qorqiz sovgʻa keltirdi“ nomli ilk kitobi esa hammualliflikda 1989-yilda nashr etildi. Shundan soʻng, shoirning „Otamning bogʻi“ (1996), „Daryo koʻngil“ (1997), „Jilvon oʻgʻloni“, „Alifbo“ (2001), „Tanish tovushlar“ (2006), „Sukut sarhadi“ (2006), „Oʻn oʻrtoq“, „Poyezdning bolasi“ (2013), „Baxshi bola — yaxshi bola“ (2016), „Shamolning supurgisi“ (2018), „Yoʻlim quyosh tomondir“ (2019), „Tilimdagi novvotim“ (2022) kabi bolalarga bagʻishlangan kitoblari dunyoga keldi. Dilshod Rajab, shuningdek, davriy matbuotda oʻzining ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik maqolalari bilan ham muntazam qatnashib keladi. U ayni paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatadi[2].

Mukofotlari

tahrir

Dilshod Rajab Jurnalistika sohasida „Oltin qalam“ mukofoti sovrindori (2011). Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligining „Bolalarga bagʻishlangan eng yaxshi kitob“ hamda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining „Vatan uchun yashaylik“ respublika koʻrik tanlovlarida (2022) faxrli oʻrinlarni egallagan[3]. 2023-yil 27-iyun sanasida 2-darajali Sogʻlom avlod uchun ordeni bilan mukofotlangan[4].

Manbalar

tahrir
  1. Dilshod Rajab. „Xayrli tong“. „Muharrir“ nashriyoti, 2019-yil. 
  2. S. Mirvaliyev, R.Shokirova. „O'zbek adiblari“. Toshkent, „G’afur G’ulom“ nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016-yil. 
  3. „Tarjimai hol. Dilshod Rajab (1964)“ (05.01.2018). 2021-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-noyabr.
  4. „Матбуот ва оммавий ахборот воситалари ходимлари куни муносабати билан соҳа ходимларидан бир гуруҳини мукофотлаш тўғрисида“. prezident.uz. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.