Diplom ishi
Diplom ishi — Oʻzbekiston Respublikasida oliy oʻquv yurtlari va oʻrta kasb-hunar oʻquv yurt (kasb-hunar kollej)larini bitiruvchilarning oʻquv tadqiqot xarakteridagi yakunlovchi ishi. Diplom ishida talaba (oʻquvchi) oʻzi tanlagan mutaxassisligidan oliy oʻquv yurtining muayyan kafedrasi yoki kasb-hunar oʻquv yurti tomonidan tasdiqlangan mavzuni mustaqil tadqiq etadi. Diplom ishiga ilmiy rahbar, lozim boʻlgan taqdirda ilmiy maslahatchi tayinlanadi. Bu bilan uning mustaqil ish olib borishga qay darajada tayyorlanganligi, nazariy bilimi va amaliy malakalariga baho beriladi. Sanʼat oliy oʻquv yurtini bitiruvchilar rol (aktyorlar), spektakl (rej.lar) yoki badiiy, hujjatli kino hamda televizion materiallar (kino va teletasvirchilar), rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, amaliy bezak sanʼati, kino va videofilm, teatr dekoratsiyasi badiiy loyihalashtirish asarlari va b. (rassom, xaykaltarosh va dizaynerlar) yaratish bilan Diplom ishi himoya qiladilar. Oliy texnika oʻquv yurtlarining ayrim mutaxassisligida diplom loyihasi oʻrniga nazariy yoki eksperimental harakterga ega boʻlgan Diplom ishi yoklanadi. Diplom ishi oliy oʻquv yurtlarida davlat imtihon komissiyasi, kasb-hunar oʻquv yurtlarida davlat ixtisos komissiyasi yigilishlarida himoya qilinadi. Diplom ishi himoya qilgan va ijtimoiysiyosiy fanlarning biridan davlat imtihoni topshirgan bitiruvchilarga muayyan ixtisoslikni egallaganliklari haqida diplom beriladi. OʻzRning "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi" (1997)ga muvofiq 2000/2001 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimida Diplom ishi oʻrniga bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ish, magistrlar uchun ilmiy yoki ilmiy-texnikaviy mazmundagi magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish joriy etildi.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |