Diplom loyihasi — oliy va oʻrta kasb-hunar texnika oʻquv yurtlarini bitiruvchilarning yakunlovchi mustaqil ishi. Diplom loyihasi nazariy yoki eksperimental tadqiqot, chizma hamda uning hisoblash tushuntirish qismi va sh.k.dan iborat boʻladi. Diplom loyihasi mavzusi muhandis (texnik) i.ch.da duch keladigan asosiy masalalarni oʻz ichiga oladi. Unda talaba (oʻquvchi)ning oʻqish davrida olgan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalari namoyon boʻladi. Diplom loyihasi oliy oʻquv yurtlarida davlat imtihon komissiyasi, oʻrta kasb-hunar oʻquv yurtlarida davlat ixtisos komissiyasi yigʻilishlarida himoya qilinadi. Diplom loyihasi himoyasi mavzuning ilmiy-nazariy yoki amaliy ahamiyatiga qarab korxona va muassasalarda ham oʻtkazilishi mumkin. Ayrim ixtisosliklar (asosan texnologiya)da diplom loyihasi oliy oʻquv yurtlarining kafedralari ixtiyori bilan diplom ishi bilan almashtirilishi mumkin. Diplom loyihasini himoya qilgan va ijtimoiy-siyosiy fanlarning biridan davlat imtihoni topshirgan bitiruvchilarga muayyan ixtisoslikni egallaganliklari haqida diplom beriladi. Oʻzbekiston Respublikasining „Kadrlar tayyorlash milliy dasturi“ (1997) ga muvofiq 2000/2001 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimida diplom loyihasi oʻrniga bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ish, magistrlar uchun ilmiy yoki ilmiy-texnikaviy mazmundagi magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish joriy etildi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil