Diplomatiya — davlatlarning tashqi siyosat, sohasidagi vazifalarini amalga oshirish, shuningdek, chet elda huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi rasmiy faoliyati. „Diplomatiya“ termini yunon tilidagi „ikki bukilgan qogʻoz“ soʻzidan olingan. Qadimgi Yunonistonda va Qadimgi Rimda taxtakach muqova ichiga solingan xat elchilarga ular vakolatini tasdiqlovchi ishonch yorligʻi yoki hujjat sifatida taqdim etilgan. Bu termin hozirgi maʼnoda Gʻarbiy Yevropada XVIII asr oxirida rasm boʻlgan. Diplomatiya davlat tashqi siyosatining eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi, ana shu siyosatning maqsad va vazifalari diplomatiya shakli va uslublarini belgilab beradi. Diplomatik faoliyatning asosiy shakllari: diplomatik kongresslar, konferensiyalar yoki kengashlar; nota, memorandum, bayonot va hokazo shakllardagi diplomatik yozishma; xalqaro shartnomalarni tayyorlash va imzolash; davlatning elchixonalar va missiyalar orqali amalga oshiradigan chet eldagi vakilligi; xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish; tashqi siyosiy masalalar boʻyicha hukumat nuqtai nazarini matbuotda yoritish. Diplomatik muassasalar va ularning masʼul xodimlari diplomatik imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi. Xalqaro huquqqa binoan, diplomatik vakillarga oʻzlari ishlayotgan mamlakat ichki ishlariga aralashish man etiladi.

Ger van Elk, Symmetry of Diplomacy, 1975, Groninger Museum.

Diplomatiyaning shakllanishi davlatning yuzaga kelishi, uning muayyan organlari va lavozimdor shaxslari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻzbek davlatchiligi tarixida chet ellar bilan muntazam aloqalar yoʻlga qoʻyilganligi yaxshi maʼlum. Amir Temur davlati Fransiya, Angliya, Kastiliya, Konstantinopol, Genuya va Venetsiya bilan elchilar orqali aloqalarni yoʻlga qoʻygan.

Oʻzbekiston mustaqil davlat boʻlgach, xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektiga aylandi. 120 dan ziyod davlat bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi (2002-yil yanvar). Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa obroʻli xalqaro tashkilotlar va kengashlarga aʼzo boʻldi. Uning tashqi siyosati, diplomatik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilanganidek, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan boshqa qoida va meʼyorlariga asoslanadi. Teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik va oʻzaro hurmat Oʻzbekiston diplomatiyasining asosiy tamoyillaridir. Oʻzbekiston Respublikasi jahonda yangicha iqtisodiy tartib oʻrnatish, butun dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun, xalqaro terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurashda jahon hamjamiyati bilan birga faol harakat qilmoqda, bu yoʻlda barcha diplomatik kanallarni ishga solmoqda. Oʻzbekistonda diplomatik kadrlar Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tayyorlanadi. Shuningdek, hozirgi kunda diplomatik kadrlar Xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud boʻlgan O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Sharqshunoslik instituti va shu kabi oliy ta'lim muassasalarida ham tayyorlanadi.

Manbalar

tahrir