Diyetologiya (diyeta va ...logiya), diyetetika — xasta va sogʻlom odamlarning maqbul ovqatlanishi toʻgʻrisidagi taʼlimot. Turli kasalliklarga chalingan bemorlarning ovqatlanish tarzini ishlab chiqadi va asoslab beradi (qarang Parhez bilan davolash). D. ovqatning kimyoviy tarkibi, ovqatlanish tartibi, uni isteʼmol qilish vaqti, hajmi, ovqatlanishlar orasidagi vaqt va b.ni oʻz ichiga oladi.

D. tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Gippokrat oʻz davrida bemorni davolash kasallikning turli bosqichlarida u qancha va qanday ovqat yeyishini toʻgʻri tanlay bilishdan iborat deb taʼkidlagan. Oʻsha davrda D.ning asoschilaridan hisoblangan rim vrachi Asklepiad (mil. av. 128—50 yillar) parhez toʻgʻri tanlangandagina doridarmon yaxshi kor qilishi va nafi boʻlishini aytib oʻtgan. U oʻz shogirdlari bilan turli xastaliklarni davolashda ovqat mahsulotlaridan toʻgʻri foydalana bilish koʻrsatmalarini ishlab chiqqan. Rim vrachi Galen bemorlarning ovqati masalliklariga aloqida ahamiyat bergan. Zamonaviy D. davolash amaliyotida tibbiyot, biokimyo, fiziologiya, morfologiya va b.da erishilgan eng yangi usul va kashfiyotlardan foydalanadi. Oʻzbekistonda ham D. keng oʻrganila boshlandi; 1- va 2-ToshTI va b. tibbiyot institutlarida D. fan sifatida oʻqitiladi, shuningdek, D. kafedralari mavjud. U yerda diyetolog vrach, oʻrta maxsus tibbiyot oʻquv yurtlarida esa diyet hamshiralar tayyorlanadi yoki shu institutlarni tamomlagan mutaxassislar vrachlar malakasini oshirish institutlari va D. markazlarida D.ga ixtisoslashtiriladi. D.ni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli Diyetologiya markazi ochildi (1955). Bu markaz mahalliy mah-sulotlardan milliy taomlar tayyorlashning yangi texnologiyasini tadbiq qilish va parhezlashtirish ustida ilmiy izlanishlar olib boradi. Diyetologiya markazining bir boʻlimi — vaznni kamaytirish masalalari bilan shugʻullanadi. Infeksion kasalliklar, sil, operatsiyadan keyingi holatlarda organizmning kasalliklarga qarshilik kuchini oshirish va b.da asosiy davodan tashqari, rangbarang parhez ovqatlar ishlab chiqish va ularni amaliyotda qoʻllash D. oldida turgan muhim muammolardan biridir.

Sherzod Zokirxoʻjayev, Aziza Zokirova.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil