Dolivo-dobrovolskiy Mixail Osipovich (1862.21.12, Peterburg — 1919.15.11, Germaniya) — rus elektrotexnigi. Uch fazali tok texnikasini ixtiro qilgan (1888). Germaniyadagi Darmshtadt oliy texnika bilim yurtida oʻqigan (1881—84). D.-D. uch fazali asinxron dvigatelni yaratgan, bir qancha elektr mashina va apparatlar (uch fazali transformatorlar, fazometr, kuchlanish boʻlgichi, ishga tushirish reostatlari, oʻlchash asboblari va b.) ni loyihalagan. Frankfurt-Maynda 1891-yilda oʻtkazilgan Xalqaro elektrotexnika koʻrgazmasida birinchi marta uch fazali oʻzgaruvchan tok energiyasini uzoq masofaga (=170 km ga) uzatish mumkinligini isbotlagan.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil