Dori changitish
Dori changitish - oʻsimlik zarar kunandalari va kasalliklariga, shuningdek, begona oʻtlarga qarshi kukunsimon pestitsid(dust)larni sepish; maxsus changlatgichlar bilan sepiladi. D.ch. vaqtida preparat zarrachalari shamol taʼsirida vaznga qarab har xil uzoqlikka tarqaladi. Zarrachalarning ishlov beradigan yuzaga tushish vaqti ularning kattaligi va ogʻirligiga bogʻliq; dust zarrachalarining kattaligi yer apparatlari uchun 15—25 mkm boʻlishi kerak. D.ch. asosan ertalab va kechqurun, faqat havo salqin vaqtlarda kunduzi oʻtkaziladi, chunki barglarning nam sathi dustlar zarrachalarini yaxshiroq ushlab qoladi. Changitish muddati qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalarining va kasallik qoʻzgʻatuvchilarining biologik xususiyatlari hamda iqlim sharoitiga qarab belgilanadi. D.ch.ni shamol tezligi 2 m/s boʻlganda oʻtkazish lozim. Baʼzan preparatlarning fizik xususiyatlari tarkibiga 3—5% mineral moylar qoʻshib yaxshilanadi (bonifikatsiya). Baʼzi pestitsidlarning changlagichlardagi harakati natijasida zarrachalar elektr zaryadlanadi, bundan preparatlarning yopishqoqligi va barg sathida ushlanishi ortadi. Bundan tashqari, sertuk, burishgan, gorizontal joylashgan va nam barglarda changsimon preparatlar koʻproqushlanib qoladi. D.ch.ning afzalligi oddiyligidadir, kamchiliklari — shamol taʼsirida pestitsidlarning katta maydonlarga tarqalib ketishi, preparat sarf normasining yuqoriligi, dustlar samaradorligining pastligi. Shu sababli qishloq xoʻjaligida D.ch. oʻrniga pestitsidlarni qoʻllashning purkash usuli keng qoʻllanilmoqda. Lekin chigirtkalar makonida ularning rivojlanishiga qarshi kurashda D.ch. asosiy usul hisoblanadi. Gʻoʻza maydonlarida paydo boʻlgan oʻrgimchakkana oʻchoklariga oltingugurt changitiladi. D.ch. oʻtkazishda pestitsidlardan zaharlanishning oldini olish uchun ehtiyotkorlik choralariga amal qilish kerak (qarang Xavfsizlik texnikasi). Shomil Xoʻjayev.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |