Dovut ota ziyoratgohi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan Oʻzbekistondagi milliy madaniy meros obʼektlari roʻyxatiga qayta kiritilgan. Dovud ota avsonaviy qozoq botiri Baraq botirning avlodi sanaladi. Uning otasi Asov va buvisi Baraq Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegarasi atrofida, Ustyurt qumlari orasida dafn etilgan[1].

Dovut ota yodgorligi Qoʻngʻirot tumanida joylashgan eng katta tarixiy yodgorliklardan biri hisoblanadi. Dovut ota yodgorligi Qoʻngʻirot shahrining janubiy tomonidan 12 km uzoqlikda Ustyurt tekisligida joylashgan. Dovut ota hozirgi kunda katta qabriston shaklini olgan. Dovut ota yodgorligi, asosan, XVIII asrning 80-yillari va XIX asrning ikkinchi yarmiga tegishli hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh oʻrnida asosan masjid, gumbaz, qoyatosh, qulftosh singari yodgorliklar joylashgan. Dovut ota qabri toʻrtburchak shaklda 1,5 −2 metr tepalikda boʻlib, shimol tomonda yodgorlik toshi oʻrnatilgan. Gumbaz ichida qabrtoshlar shaklida toshga oʻyilib ishlangan, tepasi uchqur bosh kiyim rasmi tushirilgan. Tepalikning shimoli-sharqiy tomonida gumbazlar joylashgan. Birinchi gumbaz yogʻochlardan ikki qator shaklida tizilib, oralari esa mayda toshlar bilan toʻldirilganligini koʻrish mumkin. Uning tepasida Oʻrta Osiyo xalqlarining qora uyi oilasini eslatadigan doira shaklidagi gumbaz joylashgan. Bu joydagi gumbaz uchun ishlatilgan tosh taxtachalarning hajmi har xil boʻlib, asosan Ustyurt tekisligida joylashgan boshqa gumbazlarning qurilish materiallariga oʻxshash hisoblanadi. Gumbaz devorining pasti tosh plitalari bir-biriga kiydirilgan holatda oʻralgan. Bu devorlarning ustiga gumbaz oʻrnatilgan, gumbaz esa 7 qator tosh plitalardan iborat[2].

Gumbaz toʻrtburchak shaklida boʻlib, uning har bir burchagi olamning toʻrt tomonini ifodalaydi. Dovut ota boshiga qoʻyilgan qabrtosh toʻrt zinadan, balandligi 1 metr 52 cm, uzunligi 3 metr 27 cm. Mazkur qabrtoshlarning qurilish materiallari, bajarilish usullari XII-XV asrlardan XX asrgacha davrlarga oʻxshash shaklda boʻlishi, mahalliy turkiy xalqlarning anʼana va qadriyatlari avloddan-avlodga doimiy shaklda oʻtib kelayotganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Dovut ota yodgorligida joylashgan baʼzi gumbazlar yaxshi saqlanganligini hisobga olib, hozirgi kunda mazkur gumbazlar mahalliy ahamiyatdagi tarixiy-arxitekturaviy yodgorliklar qatorida hisobga olinganligini va davlat tomonidan muhofaza qilinayotganligi maʼlum darajada tarixiy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Dovut ota deb ataluvchi mazkur ziyoratgohni, xalq orasida temir piri deb hisoblashadi. Dovut ota deb mazkur maskanda dastlab temirchilar, yangi texnika olganlar tez-tez ziyorat qilib turadigan ziyorat maskani hisoblanadi. Tarixiy adabiyotlardan olingan maʼlumotlarga tayangan holda mazkur maskanga botir Dovut asov Baraq oʻgʻlining dafn qilinganligi, xalqiga bostirib borgan dushmanlarni shu joygacha quvib kelib, jarohatlanganidan soʻng shu joyga dafn qilinganligi aniqlandi. Lekin shunga qaramasdan bu joyga hali hanuz mahalliy aholidan tashqari qoʻshni viloyatlardan, ayniqsa, Xorazm viloyatidan ziyoratchilarning koʻp kelishi axborot beruvchimiz tomonidan qayd etiladi.

Manbalar

tahrir
  1. tabarrukziyorat.uz. „Dovud ota maqbarasi“.
  2. J. Hakimniyazov, I. Seytbaev, R. Ismetov. Qoraqalpogʻiston hududidagi ziyoratgohlar. «Bilim», 2023-yil.