Dreyssenalar (Dreissenidae) - ikki pallali mollyuskalar oilasi. Chigʻanogʻi yashil yoki qoʻngʻir tusli bir xil yoki har xil pallalardan iborat; oldingi uchki qismi ingichkalashgan, keyingi qismi kengaygan; qulfi tishsiz. Oyogʻidagi bissus iplari yordamida suv tubidagi narsalarga tuda boʻlib yopishib oladi. Ayrim jinsli, tuxumlari suvda urugʻlanadi. Lichinkasi veliger planktonda erkin hayot kechiradi; keyinroq suv tubiga choʻkadi va shoʻrlangan suvlarda tarqalgan. Atlantika okeanining tropik qismi sohillarida, Yevropa, Kichik Osiyo, Qora dengiz, Kaspiy va Orol dengi-zining sohillari yaqinida tarqalgan. Orol dengizida daryo D. (Dreissena polumorpha) va Kaspiy D. (D. kaspia) suvning uncha chuqur boʻlmagan, qirgʻoqqa yaqin joylarida uchraydi. Daryo D. juda tez koʻpayadi. Ularning soni 1 m2 suv tubida 10000 gacha, biomassasi 7 kg gacha yetadi. 7 — 8 yil yashaydi. D. — faol filtrlovchilar; muallaq zarrachalarni choʻktirib, suvning biologik tozalanishiga imkon beradi. Yosh D. baliqlar uchun oziq. Ayrim suv havzalarida D. tez koʻpayib ketishi tufayli suv oʻtkazadigan quvurlarga tiqilib qolib, ularni ishdan chiqaradi. D.ga qarshi kurashda gidrotexnik qurilmalarda katodli va ultratovush himoya vositalari qoʻllanadi.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil