Driopiteklar (Dryopithecinae) — qirilib ketgan odamsimon maymunlarning kenja oilasi. D.ning skelet qoldiqlari (asosan tishlari, jagʻlarining siniqlari, baʼzan bosh suyagi va qoʻl-oyoqlar skeleti) miotsen va ilk pliotsen yotqiziqlaridan Gʻarbiy Yevropa, Jan. Osiyo va Sharqiy Afrikada topilgan. Ayrim D.da gorilla va shimpanzenikiga oʻxshash belgilar paydo boʻla boshlagan. Koʻpchilik olimlarning fikricha, D. kam ixtisoslashgan chala maymunlar hisoblanadi. Ularga hozirgi Afrika odamsimon maymunlari sifatida qarash mumkin. Ular orasida qoldiqlari Oʻrta dengiz choʻkindilari (Avstriya)da topilgan darvin driopitegi (Dryopithecus darvini) boshqalariga nisbatan odamga eng yaqin turadi.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil