Duradgorlik asboblari — yogʻochni qayta ishlash uchun moʻljallangan dastaki yoki mexanik asboblar. D. a., asosan, randalash, arralash, parmalashoʻyish, oʻlchash-belgilash va yordamchi asboblarga boʻlinadi. Yogʻoch randalashda randaning quyidagi xillari ishlatiladi. Sherxebel — yogʻochni boʻylama va koʻndalang yoʻnalishda dastlabki dagʻal randalash uchun ishlatiladigan, poʻlat keskichi yarim aylana shaklli ensiz randa. Oddiy randa, arralangan va sherxebel bilan randalangan yogʻoch ustidan ishlov berishda qoʻllanadi. Poʻlat keskichining tigʻi toʻgʻri va enli boʻladi. Keskich randaning tagi (kafti) bilan 45— 50° burchak tashkil etadi. Payraha sindirgichli randa, yogʻoch sirtini uzil-kesil silliqdash uchun qoʻllanadi. Poʻlat keskichiga oʻtmas uchli "tilcha" mahkamlanadi. "Tilcha" payrahalarni sindirib turadi. Japs randa (fuganka), katta yuza va uzun qirralarni uzil-kesil randalashda qoʻllanadi 4). Shliftik — ikki keskichli kalta randa. Oldingi randalashdan qolgan no-tekisliklarni yoʻqotish uchun ishlatiladi. Sinubel, ishlov berilgan yuzalarda mayda gʻoʻdirliklar hosil qilish uchun ishlatiladi. Poʻlat keskichi mayda tishli qilib yasaladi, 5). Metall asosli randa— randalarning takomillashgan xili. Poʻlat keskichi bolgʻa bilan urmasdan mahkamlanadi. Randaning quyidagi xillari profilli (naqshdor) yuzalarni randalashda ishlatiladi. Bukri randa (gorbach), yogʻoch asosining kafti boʻylama yoʻnalishda botiq yoki qabariq boʻlib, egri yuzalarni randalashda ishlatiladi. Konish randa (zenzubel) — asosi baland va ensiz, keskichi kurakcha shaklli randa. Detal chekkalaridan chorak va tirnok, (fals)lar ochish hamda tozalashda qoʻllanadi. Falsgobel — taxtada tirnoq va choraklar ochish uchun ishlatiladigan randa. Keskichi bitta boʻladi. Gratobel — falsgobelning bir turi. U bilan koʻnadalang kesimi uchbur-chak shaklli tirnoq ochiladi. Shpuntubel (paznik), taxta yonlari yoki yuzasida toʻgʻri burchakli oʻyiq (shpunt) ochish uchun ishlatiladigan randa. Unda bir-biriga vint bilan birlashtirilgan ikkita asos bor. Qoʻshquloq randa (gruntubel), asosiga ikkita dasta oʻrnatilgan, keskichi bir tigʻli; ilmoq shaklli, trapetsiya shaklida ochilgan oʻyiklarni tekislash va tozalash uchun ishlatiladi. Nov randa (kalevka), taxta chetlarida turli naqshli profillar ochish uchun ishlatiladi, 12). Yogochlarni arralashda sarjin arra, burch arra, dastarra hamda kalta arradan foydalaniladi. Yogʻochda uya, oʻyiq va teshik oʻyish uchun peroli markazlovchi parma, qoʻl parma, chuqur parmalaydigan burgʻi va iskana dan foydalaniladi.

Duradgorlar yogʻochni yoʻnish, tekislashda tesha, poytesha va b.dan foydalanishadi. Mexanik qirqish asboblari ga turli elektr arralar, mas, zanjirli elektr arra; diskli elektr arra, elektr randa va freza, silliklash stanoklari hamda kombinatsiyalangan (arralaydigan, frezalaydigan va parmalaydigan) stanoklar kiradi.

Oʻlchash - belgilash asboblariga ruletka, metr, burchaklik — goʻniya, kronsirkul,, reysmus, vaterpas, shovin, shtangensirkul, mikrometr va b. kiradi. Yordamchi asboblar egov, bolgʻa, ombur, qirqqich (kusachka), yassi ombur, gayka kalitlari va otvyortka, shuningdek, yogʻoch bolgʻalardan iborat.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Gurvich A. O., Duradgorlik ishlari, T., 1966.