Durbek
Durbek (XIV asr oxiri – Balx – XV asr boshi) – Temuriylar davrida yashaga turkiy shoir.
Durbek | |
---|---|
Tavalludi |
XIV asr oxiri |
Vafoti |
XV asr boshi Balx |
Kasbi | Shoir |
Hayoti
tahrirDurbek XIV asr oxir va XV asr boshlarida yashab ijod qilgan. Uning „Yusuf va Zulayho“ dostonigina yetib kelgan boʻlib, bu doston 1409-yilda Balx qamali vaqtida yozilgan. Baʼzi olimlarning „Yusuf va Zulayho“ dostonining muallifi Durbek emas degan fikrlari bor, lekin bu mulohazalar bahsligicha qolgan[1].
Doston asosini Sharqda mashhur Yusuf va Zulayho haqidagi rivoyat tashkil etgan. Sharq adabiyotida sayyor syujetga aylanib ketgan bu mavzu oʻziga xos uslubda qaytadan (oʻzbek tilida) bayon etilgan. Durbek oʻzi yashagan davr manzaralarini doston ruhiga singdirib yuborgan. Asarda Balx shahrining qamal qilinishi, shahar xalqi boshiga tushgan ogʻir fojialar yuksak mahorat bilan tasvirlangan. Qamal tufayli yuz bergan ochlik, suvsizlik kabi qiyinchiliklarni shahar tashqarisidagi maʼmurchilikka qarama-qarshi qoʻygan. Dostondagi qahramonlar faoliyati Markaziy Osiyo shahar va qishloqlariga xos tabiat manzaralari, turmush hodisalari, xalq urfodatlari tasviri orqali aks ettirilgan. Shoir bosh qahramon Yusufning taqdiri va uning hayotga boʻlgan munosabatini turli vaziyatlarda tasvirlaydi. Yusufning insoniy fazilatlari uning zehni va zakovati odamlarga, oʻz eliga muxabbatida koʻzga yaqqol tashlanadi. U behuda qon toʻkmasdan, aql-idrok bilan mamlakatni boshqaruvchi odil shoh darajasiga koʻtariladi. Durbek xotin-qizlar latofati va zakovatini yangi jixatlar bilan boyitgan, Zulayho timsolida sadoqatli sevgi sohibasi obrazini yarata olgan.
„Yusuf va Zulayho“ dostonining qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 185), Parij va Istanbul kutubxonalarida saqlanadi. Doston ilk marotaba toʻliq holatda 1959-yili Toshkentda nashr etilgan va oʻrta maktab darsliklariga kiritilib, majmualardan joy olgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Durbekga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |