Elektr energiyasi sanoati elektr energiyasini ishlab chiqarish va uni iste'molchilarga uzatish tarmoqlaridan iborat. Ushbu tarmoq mamlakat yoki iqtisodiy rayon miqyosida sanoatni joylashtirishga muhim taʻsir koʻrsatadi. Bu taʻsir ikki yoʻnalishda sodir boʻladi. Birinchi yoʻnalish elektr energiyani katta masofaga uzatishdan iborat. Bu esa mamlakatning barcha xududlarida sanoatni rivojlantirishga imkon beradi. Ikkinchi yoʻnalish moʻl-koʻl va arzon elektr energiyasi ishlab chiqaradigan xududlarda energiyani koʻp talab qiladigan sanoat tarmoqlarini joylashtirishdan iborat. Elektr energiyasini koʻp talab qiladigan sanoat tarmoqlariga titan, alyuminiy, magniy, sintetik tola, sintetik kauchuk, sintetik ammiak ishlab chiqarish kiradi. Bir tonna titan ishlab chiqarish uchun 60 ming kVt/soat, magniy uchun 26 ming kVt/soat, alyuminiy ishlab chiqarish uchun esa 20 ming kVt/soat elektr energiyasi sarf boʻladi. Demak, ishlab chiqarilgan mahsulot tan narxining asosiy qismini energetika harajatlari tashkil qilsa, bunday ishlab chiqarish koʻp energiya talab qiladigan ishlab chiqarish deb ataladi. Elektr energiyasini kamroq talab qiladigan tarmoqlarga qora metallurgiya (elektrometallurgiyadan tashqari), soda va qogʻoz ishlab chiqarish, mashinasozlik, mebel, fanera va toʻqimachilik sanoati kiradi. Elektr energiyasi sanoatini joylashtirishda quyidagi omillar hisobga olinadi: a) yoqilgʻi va gidroenergetika resurslari; b) ishlab chiqarishdagi va elektr energiyani uzatishdagi texnika taraqqiyoti; v) isteʻmolchining joylashishi. Ushbu tarmoqning asosiy hususiyati shundan iboratki, elektr energiya ishlab chiqarish uni isteʻmol qilish bilan bir vaqtga toʻgri keladi. Mamlakat xalq xoʻjaligi yoki iqtisodiy rayon xoʻjaligi uchun ishlab chiqarilgan energiya tannarxining past boʻlishi katta ahamiyatga ega. Elektr energiyaning tannarxi elektr stantsiyalarda ishlatiladigan yoqilgʻini qazib olish va tashib kelishga ketadigan harajatga bogʻliq. Shu sababli, elektr stantsiyalarni qurish uchun joy tanlanayotganda yoqilgʻini tashib kelishga va elektr energiyani isteʻmolchiga yetkazib berishga ketadigan harajatlar hisobga olinadi. Agar yoqilgʻini tashib kelish harajati elektr energiyani oʻzatish harajatidan ortiq boʻlsa, elektr stantsiyani yoqilgʻi manbaiga yaqin, agar energiyani uzatish qimmatga tushsa, uni isteʻmolchiga yaqin quriladi. Ayrim xollarda, elektr energiya juda koʻp talab qilinadigan joylarda elektr stantsiyalar boshqa joydan keltiriladigan yoqilgʻiga moʻljallab quriladi. Hozirgi paytda elektr energiyasini uzatish mumkin boʻlgan masofa yildan-yilga uzayib bormoqda. Elektr energiyani uzoq masofaga uzatish mumkinligi uni yoqilgʻining boshqa turlariga qaraganda afzalroq qilib qoʻymoqda. Bu esa quyidagilarni amalga oshirishga imkon beradi: — yoqilgʻining maxalliy turlaridan toʻla va har tomonlama foydalanishga; — yirik va qudratli elektr stantsiyalar qurishga; —xoʻjalikning hamma tarmoqlarida elektr energiyadan foydalanishga. Elektr energiyasi issiqlik elektr stantsiyalarda (IES), gidroelektr stantsiyalarda (GES), issiqlik elektr markazlarida (IEM), atom elektr stantsiyalarida (AES) va noanʻanaviy elektr energiyasi olish stantsiyalarida ishlab chiqariladi. Jahonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 70 foizdan ortigʻi IESlarda ishlab chiqariladi. Ular ancha tez va arzon quriladi. Ularning quvvatini 6 mln kVt dan oshirish mumkin. IESlarni qurishda elektr resurslari, ishlab chiqarish va transport sharoitlari, qurilish harajatlari va muddatlari hamda stantsiyani ekspluatatsiya qilish nazarda tutiladi. Koʻpchilik IESlarda elektr energiya bilan birga issiqlik energiyasi ham ishlab chiqariladi. Bunday elektr stantsiyalar issiqlik elektr markazlari (IEM) deb ataladi. Ularda elektr energiya ishlab chiqarish vaqtida isigan suvni issiqxonalarni, binolarni isitishga va ishlab chiqarish extiyojlariga yuboriladi. Ammo isigan suvni faqat 20 km gacha boʻlgan masofaga joʻnatish mumkin, shuning uchun IEMlar asosan sanoat korxonalari yaqinida va yirik shaharlarda quriladi. Bu soha boʻyicha Rossiya jahonda yetakchi hisoblanadi. Gidroelektr stantsiyalarda (GES) energiya ishlab chiqarish toʻxtovsiz oqib tushadigan suv oqimi kuchiga asoslanadi. Shuning uchun ham ularda ishlab chiqarilgan elektr energiyaning tan narxi past boʻladi. GESlar suv oqimi energiyasini elektr energiyaga aylantirib beradigan inshootlar va jixozlar majmuidir. Tekislik va togʻ oldi daryolarida suvning toʻxtovsiz oqimi asosan toʻgonlar tufayli hosil qilinadi. GES binosi toʻgon yonida, yoki ichida, baʻzi xollarda toʻgʻondan pastda joylashadi. Togʻ daryolarida koʻpincha derivasion GESlar orqali hosil qilinadi. GES binosi toʻgʻondan ancha pastda, ayrim xollarda yer tagida joylashtiriladi. Daryo oqimi yil boʻyi energiya olishda, toʻla foydalanish maqsadida suv omborlar qurish orqali tartibga solinadi. Yirik GESlar qurilganda daryo suvlaridan transport va irrigatsiya maqsadlarida ham, suv taʻminoti uchun ham foydalaniladi. Bunday inshootlar gidrouzellar deb ataladi. Gidrouzellar elektr energiyani ishlab chiqarish, yerlarni sugʻorish, xoʻjaliklar va aholini suv bilan taʻminlash, kemachilik va baliqchilikni rivojlantirish masalalarini xal qilishga imkon beradi. Hozirgi paytda GESlarning yangi turi boʻlgan gidroakkumulyativ elektr stantsiyalar (GAES) ham qurilmoqda. Ular energiya tizimlarida elektr energiyadan notekis foydalanish sababli quriladi. GAESlar boshqa GESlar ishlab chiqargan energiyani toʻplaydi (akkumulyatsiya qiladi), bunda ular stantsiyadan yuqorida joylashgan xavzaga suvni nasoslar bilan koʻtarish uchun qurilgan tizimlardagi ortiqcha elektr energiyasidan foydalanadi (masalan, tunda). Elektr energiyaga extiyoj oshganda bu xavzadagi suv ochib yuboriladi va hosil boʻlgan oqim kuchi tufayli GAESlarda elektr energiyasi hosil qilinadi. Bitta daryoning oʻzida bir nechta elektr stantsiyalar pogʻonasini (kaskad) vujudga keltirish mumkin. U suv resurslaridan koʻp marta foydalanishning eng yaxshi imkoniyatlarini yaratib beradi. Masalan, Chirchiq daryosida 19 ta, Volga daryosida esa 12 ta elektr stantsiyalar pogʻonasi qurilgan. Gidroenergetika resurslarining 65 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarga toʻgʻri keladi, ammo ulardan foydalanish darajasi past. Gidroenergetika resurslaridan foydalanish darajasi AQSH, Rossiya va Norvegiyada juda yuqori. Norvegiyada elektr energiyaning 99,5 foizi GES larda ishlab chiqariladi. Bu yerda GESlarning asosiy qismi (200 dan ortiqrogʻi) yer tagida joylashgan. Jahonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 20 foizi GESlarda ishlab chiqariladi. Atom elektr stantsiyalarida (AES) jahonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 15—17 foizi ishlab chiqariladi. AESlar oʻzining energetika manbai boʻlmagan va yoqilgʻi qimmat, lekin elektr energiya koʻp talab qilinadigan joylarda quriladi. Uning xom ashyosi boʻlib uran hisoblanadi. AESlar hozir 30 dan ortiq davlatlarda qurilgan. Birinchi AES Rossiyada (Obninsk AESi) qurilgan. AESlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha AQSH, Fransiya, Yaponiya, Germaniya, Rossiya yetakchi, Fransiyada elektr energiyani 70 foizdan ortigʻi AESlarda ishlab chiqariladi. Noanʻanaviy energiya manbalari asosida ishlaydigan elektr stantsiyalarga quyosh elektr stantsiyalari (QES), shamol elektr stantsiyalari (SHES), geotermal elektr stantsiyalar (GeES), qalqish elektr stantsiyalari (QaES), dengiz oqimi elektr stantsiyalari (OES) va boshqalar kiradi.