Sugʻorish, irrigatsiya – tuproqni manbalardan olingan suv bilan sunʼiy namlash, melioratsiyannng bir turi. Sugʻorish tuproqning oʻsimlik ildizi tarqalgan qismida eng qulay suv rejimini hosil qiladi. Bu esa oʻsimliklarning tuproqdan oziq moddalar – mineral va organik oʻgʻitlarni oʻzlashtirishiga qulay sharoit yaratadi va qishloq xoʻjaligi. ekinlaridan yuqori hosil olishni taʼminlaydi. Sugʻorish yer hosildorligini sugʻorilmaydigan sharoitlarga qaraganda 8—10 marta oshiradi, intensiv dehqonchilikni joriy etish imkoniyatini beradi. Bu esa suv xoʻjaligi qurilishiga va yerlarni meliorativ oʻzlashtirishga sarflangan kapital mablagʻlarning tez (3—5 yil ichida) qoplanishini taʼminlaydi.

Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Rossiya, Yaponiya, Misr (ekin ekiladigan hamma maydoni sugʻoriladi)da, AQSH, Meksika, Italiya, Bolgariya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda sugʻoriladigan yerlar 20-asrda ayniqsa tez kengayib bordi, yirik sugʻorish sistemalari barpo etildi. 20-asrning 50y.larida dunyoda sugʻoriladigan jami yer maydoni 121 mln.ga, 80y.larda 230 mln.ga dan koʻproqni, 20-asr oxirida 271,4 mln.ga ni tashkil etdi. Osiyoda 191,2, Shimoliy Amerikada 30,4, Yevropada 24,6, Afrikada 12,5, Avstraliyada 2,4 mln. ga ekin maydonlari sugoriladi (1999).

Sugʻorish qadimiy davrlardan boshlab sugʻormasdan hosil olib boʻlmaydigan issiq mintaqalarda, keyinchalik esa yogʻin notekis yogʻadigan, natijada qishloq xoʻjaligi. ekinlaridan barqaror hosil olinmaydigan zonalarda rivojlandi. Misr, Mesopotamiya, Oʻrta Osiyo, Meksika, Eronning quruq iqlimida odamlar toshqin suvlar bosadigan maydonlarda oziqovqatga yarokli oʻsimliklarni oʻstirishga oʻrgandi. Keyinchalik bunday yerlar marzalar bilan oʻralib, ularda suvni uzoq vaqt saqlab qolish va qishloq xoʻjaligi. ekinlaridan muntazam hosil olish imkoni yaratildi. Surxondaryo vohasi, Fargʻona vodiysining sharqiy qismi, Amudaryo deltasi, Zarafshon daryosi havzasida oʻtkazilgan arxeologik qazishlar muntazam Sugʻorish Oʻrta Osiyoda mil. av. 2ming yillikda boshlanganligidan dalolat beradi. Amudaryoning quyi oqimida mil. av. 8—7-asrdan mil. 3asrgacha Sugʻorish juda taraqqiy etgan. Sugʻorishning rivojlanishi va sugʻoriladigan maydonlarning kengayishi bilan suvni uzoq masofalarga olib borish ehtiyoji paydo boʻldi. Bosh inshooti sodda boʻlgan dastlabki kanallarning barpo qilinishi mil.dan av. 1ming yillik oʻrtalariga toʻgʻri keladi. Oʻrta asrlarda sugʻorma dehqonchiliqda buyuk kashfiyot – birinchi suv koʻtargich – chigʻir yaratildi. Natijada ariklar yoki tabiiy suv manbalaridan balandda joylashgan kichikroq yer uchastkalarini sugʻorish mumkin boʻldi.

Oʻrta Osiyoda sugʻoriladigan yerlarning keskin kengayishi 19-asr oxirlariga toʻgʻri keladi. Ammo yangi yerlarni rejali oʻzlashtirish va dehqonchilikka yaroqsiz boʻlib qolgan sugʻoriladigan yerlarni qayta tiklash, katta maydonlarni Sugʻorish imkoniyatini beradigan yirik sugʻorish sistemalarini barpo etish faqat 20-asrning 20y.laridan boshlab olib borildi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda faqat 1965— 90y.larda sugʻoriladigan yerlar maydoni 5,8 mln.ga (1965)dan 8,8 mln.ga ga yetadi. Oʻzbekistonda esa 2001-yilda 4,3 mln.ga sugʻoriladigan yerlarda dehqonchilik qilindi (1914-yilda 1,8 mln.ga).

Sugʻoriladigan yer maydonlarining kengayishi qishloq xoʻjaligi.da suv isteʼmolining koʻpayishiga olib keldi. Natijada suv ombori qurish yoʻli bilan daryo oqimlarini mavsumiy, keyingi yillarda esa koʻp yillik tartibga solish muhim masalaga aylandi. Yuqori quvvatli nasoslarning yaratilishi qariyb 250– 300 m³/s suvni bosqichmabosqich balandlikka koʻtarib, qishloq xoʻjaligi. ekinzorlarini mashina yerdamida sugʻorishga imkon berdi. Hozirgi davrda Orol dengizi havzasida jami yillik hajmi 105 mlrd. m³ boʻlgan umumiy oqimning 95 mlrd. m³ suvi Sta sarflanmoqda. Bu esa suv resurslarini toʻldirish va sugʻorish sistemasining barcha boʻgʻinlarida suvni tejashni taqozo qiladi. Suv resurslarini toʻldirish asosan suvni havzalararo qayta taqsimlash (AmuBuxoro, AmuQorakoʻl, Qoraqum va boshqa kanallar), oqova va shoʻrlangan drenaj suvlaridan qayta foydalanish hisobiga amalga oshirilmoqda.

Sugʻorish usullari va turlari. Sugʻorish tuproqqa meʼyorlangan (belgilangan) miqdorda suv berishini taʼminlaydigan, gidrotexnika qoidalariga asoslangan texnikaviy, agrotexnik va tashkiliyxoʻjalik tadbirlari majmuidan iborat. Sugʻorish oʻtkaziladigan vaqtiga qarab muntazam va davriy turlarga boʻlinadi. Sugʻorish maqsadiga qarab ehtiyot (yaxob), shoʻr yuvish, vegetatsion, oziqlantiruvchi (sharbat) va boshqa turga boʻlinadi. Ayrim hollarda bir turdagi Sugʻorish bir qancha maqsadlarda oʻtkazilish mumkin.

Qadimdan maʼlum boʻlgan oqizib suv berish usullari (bostirib, taxtalarga boʻlib, egatlar olib) astasekin takomillashib Sugʻorishning yomgʻirlatib sutrish, tomchilatib sugʻorish va tuproq ostidan suyurish, aerozol usulida sugʻorish singari takomillashgan usullar yaratildi. Iqlim quruq boʻlgan Oʻrta Osiyoda ekinlar koʻp miqdorda suv talab qiladi, shuning uchun sugʻoriladigan maydonlarda asosan tuproq (yer) ustidan oqizib suv berish va qisman yomgʻirlatib sugʻorish usuli qoʻllanadi.

Keyingi yillarda Sugʻorishning mexanizatsiyalashtirilgan, yarim avtomatlashtirilgan, avtomatlashtirilgan va boshqa turlari paydo boʻldi (yana qarang Sugʻorish normasi).

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Mamedov A. M., Irrigatsiya Sredney Azii, M., 1969;
  • Korjavin B. D., Oʻzbekistonda sugʻorish ishlari T., 1976;
  • Irrigatsiya Oʻzbekistana; t. 1 —4, T., 1975— 1981;
  • Muhammadjonov A. R., Quyi Zarafshon vodiysining sugʻorilish tarixi. T., 1972;
  • Muhammadjonov A. R., Oʻzbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997;
  • Mirzayev A., Sugʻorish va zax qochirish melioratsiyasi, T., 1979;
  • Orosheniye zemel v Sredney Azii i Kazaxstana, M., 1980.