Bosh menuni ochish

Elektrovoz [elektro... va rus. voz(it) — tashimoq] — asosan, kontakt tarmogʻi, baʼzan oʻziga oʻrnatilgan akkumulyatorlar yoki faqat akkumulyatorlardan energiya oladigan lokomotiv. Vazifasiga koʻra, magistral (yuk, yoʻlovchi va yukyoʻlovchilarga moʻljallangan), manyovrchi, sanoat va konlarda ishlatiladigan, foydalaniladigan tok turiga koʻra, oʻzgarmas va oʻzgaruvchan tokda ishlaydigan turlarga boʻlinadi. E.ga mexanik va elektr jihozlar oʻrnatiladi. Mexanik qismiga kuzov, ramalar, gʻildiraklar, tortish yuritmasi, ressoralar, tormoz qurilmalari, elektr qismiga dvigatellar va boshqalar apparatlar kiradi. Magistral yoʻlovchi E.larning tezligi soatiga 200 km va undan yuqori, yuk E.lariniki 110—120 km, E.lar dvigatelining quvvati 6500 kVt ga yetadi. Oʻzgarmas tok E.ining f.i.k. 86 — 87%. Birinchi magistral E. 1932 yilda Rossiyada yasalgan, keyinchalik takomillashtirib borilgan. E.ning tortish kuchini oshirish uchun bir-biriga ulangan bir necha E.dan foydalanish mumkin. Ular bitta (odatda, oldindagi) E.dan boshqariladi. Oʻzbekiston temir yoʻllarida ham teplovozlar bilan bir qatorda E.lar ham qatnaydi.