Emigratsiya
Emigratsiya (lot. — koʻchib ketmoq) — aholining muayyan mamlakatdan boshqa mamlakatga doimiy yoki vaqtinchalik yashash uchun (ixtiyoriy yoki majburiy) koʻchib ketishi. E., asosan, kam rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga xos boʻlib, u yerdagi ishsizlik va boshqalar iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy va milliy tengsizlik, siyosiy, diniy va boshqalar taʼqiblar tufayli sodir boʻladi. E. mamlakatlar aholisining soni va tarkibiga bevosita taʼsir etadi. E. tushunchasi uchun yagona taʼrif mavjud emas, har bir davlatning oʻz mezonlari bor. Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda har bir fuqaroning xohlagan davlatni, jumladan, oʻz mamlakatini ham tark etish huquqi (yaʼni E. huquqi) nazarda tutilgan. 19-asrning 70-yillariga qadar Yevropa davlatlarida E. jarayoni kuchli boʻlgan. 1940—60 yillarda Irlandiya, 196070-yillarda esa Portugaliya va Gretsiyada E. jarayoni tufayli aholi soni keskin qisqargan. 1946—61 yillarda Yevropa davlatlaridan Amerikaga 6,9 mln. emigrant ketgan. AQSH, Kanada va Avstraliyaga aholining koʻplab koʻchib ketishiga sabab ishchi kuchiga boʻlgan talabdir. Oʻzbekistonda ham baʼzi tarixiy davrlarda maʼlum dapajada E. jarayoni boʻlib turgan. Bu jarayon 20-asrning 90-yillarida sobiq Ittifoqning parchalanishi tufayli birmuncha kuchaydi. Oʻzbekistonda yashab kelayotgan rus, ukrain, qrim tatar, yahudiy kabi millatlarning maʼlum qismi oʻz tarixiy vatanlariga koʻchib keta boshladi. 1996-yilda Oʻzbekistondan ketgan migrantlar soni 59,7 ming, 2002-yilda 86,5 ming kishini tashkil etgan. Yana q. Aholi migratsiyasi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |