Endometrit (endo… va yunoncha bachadon) – bachadon shilliq qavati – endometriyning yalligʻlanishi. Endometritni septik infeksiya (streptokokk, stafilokokk, gonokokk, ichak tayoqchasi) va boshqalar mikroorganizmlar qoʻzgʻatadi. Endometrit soʻzak, sil kasalliklari oqibatida ham yuzaga keladi. Bachadonga infeksiya qon va limfa yoʻllari orqali oʻtadi. Endometrit oʻtkir va surunkali kechadi. Kasallik belgilari abort yoki tugʻruqdan keyin 3—4 kuni yuzaga chiqadi. Bachadonda qon va yoʻldosh qoldiqlarining qolib ketishi kasallik avj olishiga sabab boʻladi. Endometritda bemor isitmalaydi, eti uvushadi, ishtahasi pasayadi, bosh va qorinning pastki qismi ogʻriydi. Oʻtkir endometritda bachadon yumshoq, shishgan, palpatsiyada ogʻriqli, ajraladigan chiqindi hidli boʻladi. Surunkali endometritda hayz koʻrish buziladi. Bachadon qattiqlashgan, kattalashgan, ogriqsiz, undan ajraladigan chiqindi yiringli boʻladi.

Endometrit

Oldini olish. Chilla davrida ayolni infekpiyadan saqlash va toʻgʻri parvarish qilishdan iborat. Davo bemorning ahvoliga, kasallik belgilariga qarab tayinlanadi.