Fayyum manzilgohlari - Shimoliy Misrning AlFayyum botigʻi (dengiz sathidan 45 m pastda) atrofidagi neolit davri manzilgohlari (miloddan avvalgi 4400—4200-yillar). Qadimda botiq oʻrnida koʻl boʻlgan. Kishilar olov yoqish uchun kremniydan, tosh qurollarni silliqlash uchun qayroqtoshlardan foydalanishgan. Koʻplab tosh qurollar (nayza va oʻq uchlari) va suyakdan ishlangan buyumlar (toʻgʻnogʻichlar, sanchqilar) topilgan. Turar joylar yonida dumaloq shakldagi don oʻralari boʻlgan. Fayyum manzilgohlari aholisi dexdonchilikdan tashqari chorvachilik (buqa, qoʻy, echki va choʻchqalar boqish) bilan shugʻullangan.