Feʼl
Feʼl — harakat bildiruvchi soʻzlar turkumi va shu turkumga oid har bir soʻz. Grammatikada "harakat" soʻzi keng tushunchali boʻlib, nafaqat harakatni, balki holat yoki hodisani ham bildiradi, mas: yugurmoq, sakramoq, yigʻlamoq, uxlamoq, oʻylamoq, sevmoq, tinchimoq, qurimoq.
Feʼllar lugʻaviy maʼnoga ega yoki ega emasligiga koʻra 2 turga boʻlinadi: 1. mustaqil feʼllar; 2.yordamchi feʼllar.
Mustaqil feʼllar, xuddi boshqa mustaqil soʻz turkumlariga oid soʻzlar kabi, lugʻaviy maʼnoga ega boʻladi, gapning mustaqil boʻlagi vazifasida kela oladi va hokazo (qarang Soʻz turkumlari). Yordamchi Feʼllar lugʻaviy maʼnoga ega boʻlmaydi. Ular turli yordamchi vazifalarda kelib, turli qoʻshimcha maʼnolar ifodalash uchun xizmat qiladi. Yordamchi Feʼllar oʻz vazifasiga koʻra 3 asosiy turga boʻlinadi: 1) feʼl yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi feʼllar: qil, et, ayla, boʻl (qabul qilmoq, taklif etmoq, tamom boʻlmoq kabi); 2) feʼlning analitik shaklini yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi feʼllar (bular, odatda, "koʻmakchi feʼllar" deb yuritiladi). Feʼlning bunday shakllari turli grammatik, modal va boshqa maʼnolarni ifodalaydi: oʻqib boʻldi, koʻrib qoldi, qoʻrqib ketdi va boshqa; 3) bogʻlama vazifasini bajaruvchi yordamchi feʼllar. Masalan, qil, boʻl: sportchi boʻlmoq, oʻqituvchi boʻlmoq.
Hozirgi oʻzbek tilida yordamchi feʼllardan farklanuvchi "toʻliqsiz feʼl" (lugʻaviy maʼnosini tamomila yoʻqotgan, hozirgi oʻzbek tilida maʼlum bir grammatik maʼno va vazifalarda qoʻllanuvchi Feʼl)ning edi, ekan, emish, esa shakllari ham qoʻllanadi.
Feʼl turkumi, boshqa soʻz turkumlari kabi, oʻziga xos soʻz yasalishi va shakl yasalishi tizimiga ega (qarang Soʻz yasalishi, Shakl yasalishi). Yasama Feʼllar -la, -lan, -lash, -lantir, -lashtir affikslari hamda qil, et (ayla) yordamchi Feʼllari bilan hosil qilinadi: olqishlamoq, ruhlanmoq, birlashmoq, jabr qilmoq, ruxsat etmoq.
Feʼllar oʻziga xos murakkab grammatik kategoriyalar tizimiga ega. Xususiy maʼnolari bilan oʻzaro farqlanuvchi, bir umumiy maʼnosiga koʻra birlashuvchi shakllar tizimi feʼlning grammatik kategoriyalarini hosil qiladi. Oʻzbek tilida Feʼlning quyidagi grammatik kategoriyalari bor: nisbat kategoriyasi, boʻlishli-boʻlishsizlik kategoriyasi, mayl kategoriyasi, zamon kategoriyasi, shaxs-son kategoriyasi.
Nisbat kategoriyasi — harakatning subʼyekt va obyektga munosabatini koʻrsatuvchi grammatik kategoriya. Harakatning subʼyekt va obyektga munosabatini koʻrsatishiga koʻra nisbat kategoriyasining 5 turi farqlanadi: bosh nisbat; oʻzlik nisbati; orttirma nisbat; majhul nisbat; birgalik nisbati. Har bir nisbat shakli maxsus qoʻshimcha yerdamida yasaladi. Faqat bosh nisbat maxsus yasovchi koʻrsatkichga ega emas. Bosh nisbat harakatning ega bilan ifodalangan shaxs yoki predmet tomonidan bajarilishini bildiradi: oldi, keldi, soʻrayapti va boshqa. Oʻzlik nisbati shakli (i)n, (i)l qoʻshimchalari yerdamida yasaladi va harakatning subʼyektning oʻziga obyekt sifatida karatilganligini yoki subʼyektning oʻzi doirasida yuzaga kelishini (bajarilishini) bildiradi: maqtanmoq, koʻrinmoq, tugʻilmoq va boshqa Orttirma nisbat shakli -dir, -ir, -t affikslari yordamida yasaladi va obyektsiz Feʼlni obyektiv Feʼlga aylantiradi, obyektli Feʼldan yasalganda esa unga yana obyekt qoʻshilganini bildiradi: keltir, kuldir, ichir, oʻqit va boshqalar. Majhul nisbat shakli (i)l, (i)n qoʻshimchalari bilan yasaladi va asosiy eʼtiborni harakatning bajaruvchisiga emas, balki obyekt bilan harakatning oʻziga qaratilishini bildiradi: keltirildi, tozalandi. Bu nisbat shakli obyektsiz (oʻtimsiz) Feʼllardan yasalganda, shaxssizlik maʼnosi ifodalanadi: (koʻprikdan) oʻtildi, (mehmonga) borildi va boshqa Birgalik nisbati -sh affiksi yordamida yasaladi va harakatning birdan ortiq shaxs tomonidan, birgalikda bajarilishini bildiradi: (yer) haydashdi, (meva) terishdi va boshqa Demak, nisbat shaklining oʻzgarishi bilan harakatning subʼyekt yoki obyektga munosabatida oʻzgarish boʻladi. Boʻlishli- boʻlishsizlik kategoriyasi — harakatning tasdiq yoki inkori maʼnosini ifodalovchi shakllar tizimi. Bu kategoriyaning oʻzaro zidlik hosil qiluvchi 2 jihati bor: boʻlishlilik va boʻlishsizlik. Boʻlishli feʼlning maxsus koʻrsatkichi yoʻq (nol koʻrsatkichli). Boʻlishsiz feʼl shakli esa -ma affiksi yordamida yasaladi: keldi (boʻlishli shakl) — kelmadi (boʻlishsiz shakl). Boʻlishsizlik (inkor) maʼnosi "yoʻq" soʻzi va "emas" toʻliqsiz Feʼli bilan ham ifodalanadi: borgani yoʻq, borgan emas.
Mayl kategoriyasi — harakatning voqelikka munosabatini soʻzlovchi nuqtai nazaridan belgilovchi grammatik kategoriya. Oʻzbek tilida maylning quyidagi turlari bor: 1) buyruq-istak mayli: ayt, aytgin, ayting kabi; 2) shart mayli. Bu mayl shakli -sa affiksi yordamida yasaladi: borsam, borsang, kursa kabi; 3) shartli mayl — bajarilishi shart ergash gapdan anglashilgan harakatning bajarilishiga bogʻliq boʻlgan (shartlangan) harakatni bildiruvchi mayl. Bu mayl shakli (a)r edi, mas edi yordamida yasaladi va bu shakldagi Feʼl bosh gapning kesimi boʻlib keladi: Vaqting boʻlsa, kinoga borar edik. Imkoning boʻlsa, bunday qiynalib yurmas eding; 4) maqsad mayli. Bu mayl shakli -moqchi affiksi yordamida yasaladi va harakatni bajarish-bajarmaslik maqsadini bildiradi: soʻramoqchiman, oʻqimoqchiman, aytmoqchi emasman; 5) ijro mayli — harakat-holatni uning bajarilishi (ijrosi) bilan har uch zamondan birida ifodalaydigan mayl. Bu mayl turi zamon va shaxs-son koʻrsatkichlari orqali shakllanadi: oʻqidim, oʻqiyapman, oʻqiyman; koʻrganman, koʻrgansan, koʻrgan.
Zamon kategoriyasi — harakatning nutq paytiga munosabatini bildiruvchi grammatik kategoriya. Harakatning nutq paytiga munosabatiga koʻra Feʼlning 3 zamon turi farqlanadi: oʻtgan zamon — keldi, oldim; hozirgi zamon • — kelyapman, kelyapti; kelasi zamon — kelaman, olasan va boshqa
Shaxs-son kategoriyasi — harakatning 3 shaxs (soʻzlovchi, tinglovchi, oʻzga)dan biriga oidligi maʼnosini bildiruvchi grammatik turkum: keldim (birinchi shaxs, birlik), keldik (birinchi shaxs, koʻplik), kelding (ikkinchi shaxs, birlik), keldingiz (ikkinchi shaxs koʻplik).
Oʻzbek tilida Feʼlni maʼlum bir vazifaga xoslovchi shakllar ham mavjud. Bular: sifatdosh (qarang), ravishdosh (qarang), harakat nomi (q) shakllaridir.
Bulardan tashqari Feʼlning turli modal maʼno, takror maʼnosi va boshqa maʼnolarni bildiruvchi shakllari ham bor. Ular maxsus qoʻshimchalar, koʻmakchi feʼllar yordamida hosil qilinadi: keta qol, ketib qoldi, keta koʻrmoq, turtkilamoq, qoʻrqinqiramoq, kulimsiramoq va boshqalar.
Feʼllar qanday grammatik shaklda qoʻllanilishiga qarab gapning turli boʻlagi vazifasida keladi. Mas: mayl, zamon, shaxs-son paradigmasiga mansub shakllardan birida qoʻllanganda — kesim vazifasida; sifatdosh, ravishdosh shakllarida — aniqlovchi, hol vazifasida; harakat nomi shaklida esa ot turkumiga oid soʻzlarga xos vazifalarda keladi.
Azim Hojiyev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |