Abdug'offorov Muhammadqodir
Hovuzmozor bulog'i tarixi
Alloh nazari tushgan jannatmakon O'zbekiston hududida miloddan avvalgi 700-500 ming yildan buyon odamzod yashab kelmoqda. Qulay tabiiy geografik sharoit insoniyatni azaldan o'troq turmush tarziga o'tishiga imkoniyat yaratgan. Ayni davrda o'zbek davlatchiligi uch ming yillik tarixga ega ekanligini dunyo olimlari tan oldi. Yurtimizda qad rostlab turgan qadimiy me'moriy obidalar, arxeologik yodgorliklar shunday shunday xulosa yasashga asos bo'ladi. Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida ham tirixi uzoq o'tmishga borib taqaladigan qadimiy qadamjolar juda ko'p. Shulardan biri Sho'rsuv qishlog'ida joylashgan Hovuzmozor bulog'idir. Uzoq tarixdan ma'lumki, 7-asrda zaminimizga arab xalifaligi bilan birga arab madaniyati va Islom dini kirib keldi. Islom dini ta'limoti qisqa vaqt ichida aholi orasida keng tarqaldi. Keksalarning hikoya qilishlaricha, o'sha davrda musulmon olamida shuhrati misli ko'rilmagan yoyilgan shayx hazratlari Arslonbob bobomizning tabarruk poyqadamlari mana shu makonga yetgan ekan. O'tmishda bu yerda suv bo'lmaganligi sabab giyoh o'smas, dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug'ullanishning iloji yo'q ekan. Rivoyatlarga ko'ra, qishloqqa kirib kelgan hazrat Arslonbob bobomiz mushkul ahvolni ko'rib, xalqqa rahmlari kelibdi. Allohga iltijo qilib, hassalarini yerga urgan ekanlar O'sh shahridagi muqaddas buloqning bir ko'zi hozirgi Hovuzmozor o'rnida ochilgan emish. El orasida "O'shga borguncha Qo'shga bor" degan naql bor. Bu qishloqning keyinchalik ikkinchi nomi Qo'shqishloq deb nomlanishida ham mana shu naqlning mazmun-mohiyati borga o'xshaydi. Hovuzmozor bulog'i oddiy buloq bo'lib qolmasdan, balki tibbiyot tomonidan isbotlangan shifobaxsh xususiyatlarga ham egadir. Tanadagi turli toshmalar, sochning erta oqarishi singari kasalliklardan nafaqat tuman, balki butun vodiy ahli ixlos qilib, davo topib ketmoqda. Sobiq sho'ro davridagi tarixni soxtalashtirish, muqaddas qadamjolarga e'tiborsizlik, dinga qarshi siyosat paytida Hovuzmozor bulog'i, uning atroflarini obod etib kelayotgan nazarkarda insonlar qattiq tazyiqqa olindi. Bu kishilarni afsungarlikda ayblab, boshlariga og'ir kunlar solishdi. Tabarruk qadamjoni majlislar o'tkaziladigan joy qilib qo'yildi. Bu haqda hozirda ko'pchilik va o'zining say-harakatlari bilan hududni xushhavo maskanga aylantirishga jazm etgan Teshaxon Sahodillayev hikoya qilib berdi. Mustaqillik sharofati bilan tariximiz, qadryatlarimiz qayta tiklandi. Vijdon erkinligi kafolatlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug'aniyevich Karimovning tashabbuslari bilan qadimiy yodgorliklarimizga juda katta e'tibor qaratilib, davlat muhofazasiga olindi. Me'moriy, arxeologik osori-atiqalar YUNESKOning "Ochiq osmon ostidagi muzeylar" ro'yxatiga kiritildi. Qishloqdagi Hovuzmozor bulog'ining tarixi, uning muborak qadamjolardan biri ekani qishloq aholisida faxrlanish hissini uyg'otagani rost.