Asadullayeva Durdona Shuxratilla qizi
Tafsirga ilmining Movarounnahr hududiga kirib kelishi: qisqacha ma'lumotlar:
Movarounnahrda islom dinining tarqalishiga qadar ham ilm-fan taraqqiy topgan, olim va savodxon kishilar ko‘p bo‘lgan. Mintaqaga islom dini kirganidan keyin esa, u yirik ilmiy markazga aylangan. Bunga asosiy sabab sifatida mahalliy aholining qadimdan ilmu ma’rifatli, madaniyatli bo‘lgani va shu sababdan yangi din aholi tomonidan katta to‘siqlarsiz qabul qilinib, ziyoliy qatlamlarning mazkur dinni ilm darajasida yuqori cho‘qqilarga olib chiqqanlarini ko‘rsatish mumkin. Mashhur olim Ibn Xaldun (732/1332-784/1382) ham ushbu fikrni ta’kidlab, bu yerda ilmli kishilarning ko‘p bo‘lishi islom madaniyati va bilimlarining tez taraqqiy etishiga xizmat qilganini aytadi. Tez orada Movarounnahrda ilm maskanlari shakllangan, allomalar, qomusiy olimlar yetishib chiqa boshlagan, islomga oid barcha ilmlar qatori tafsir ilmi ham rivoj topgan. Hatto, aholining oyatlarni tezroq tushunishlari uchun ba’zan tarjimalarga ham ruxsat berilgan. Shu tariqa Movarounnahrda islom dinining tarqalishi barobarida Qur’on va tafsir ilmlari ham rivojlangan. Movarounnahrdagi ilk tafsirlar bayon etilgan asarlar sifatida Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, ad-Dorimiyning hadis to‘plamlari yoki tafsirga oid asarlarini aytib o‘tish mumkin. Chunki ularda Qur’on tafsirlari va unga bag‘ishlangan maxsus boblar bo‘lgan. Shuningdek, Jaloluddin as-Suyutiy ham mufassirlarni to‘rt jamoaga bo‘lib, ularning ikkinchisini mufassirlardan iborat muhaddislar jamoasi deb sanaydi. Bular o‘z hadis to‘plamlarida alohida bir bob (kitob)ni tafsirga bag‘ishlagan mazkur muhaddislarni Movarounnahrdan chiqqan ilk mufassir olimlar deb aytishga sabab bo‘la oladi