ZAMONAVIY OMMAVIY BAYRAM VA TOMOSHALAR REJISSURASIDA XALQ IJODIYOTI JANRLARI SINTEZI tahrir

Xalq madaniyati va ma’naviyatining eng qadimiy ko‘rinishi bo‘lgan folklor namunalarida o‘sha xalqning turmush tarzi, hayotiy tajribasi, yutuq va muvaffaqiyatlari aks etadi. Shu bois u asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib, yoshlar tarbiyasida “hayot maktabi” vazifasini o‘tab kelmoqda. Xalqona ruh, betakror samimiyati va qadimiy madaniyatimizning go‘zalligini namoyon etuvchi folklor chinakam ma’naviy xazina, tuganmas buloq singari asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitib, ongu tafakkuri va his-tuyg‘ularini teranlashtirib kelgan. Ajdodlarimizdan qolgan bu ulkan meros millat qalbida ezgu niyat va ulug‘ maqsadlarga intilish, ona vatanga muhabbat va e’tiqod tuyg‘ularini uyg‘otadi. Soha mutaxassislari, folklorshunos olimlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bо‘lgan xalq ijodiyotini shartli ravishda quyidagi turlarga bо‘lishadi: xalq og‘zaki poetik ijodi, folklor musiqasi, xalq teatri, xalq raqsi, xalq tasviriy va amaliy bezak san’ati. So‘nggi yillarda ommaviy bayram va tomoshalarda xalq ijodiga murojaat qilish va ulardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Darhaqiqat, ommaviy tadbirlarning ta’sirchanligini oshirishda, ularni “serjilo bezaklar” va “rang”lar bilan bezashda, milliy kolorit berishda xalq ijodi – bebaho manba sifatida xizmat qilmoqda. Biron bir dasturni sahnalashtirishda tomoshabin uchun teatrlashtirilgan tadbirning xatti-harakatini, asosiy mavzusi va g‘oyasini ochib berishi zarur. Bu jarayonda rejissordan professional yondashuvni talab etadi. Teatrlashtirilgan konsertni sahnalashtirayotgan rejissor aniq g‘oyaviy ta’sirchanlik va badiiy obrazlilikka erisha olishi lozim. Buni u nomerlarni teatrlashtirish orqali amalga oshirishi mumkin. Folklor asarlarini sahnalashtirishda avvalo mavzu tanlash muhim ahamiyatga egadir. Tanlangan mavzuni chuqur о‘rganish, uning boshqa hududlardan farqli va о‘xshash jihatlarni tahlil etish, ilmiy-nazariy jihatini tо‘liq о‘rganish lozim bо‘ladi. Tanlangan mavzu qaysi hududga xos bо‘lsa, aynan shu hududning dunyoqarshi, qо‘shiqlari, odatlarini sinchiklab о‘rganish sahnalashtirilayotgan dasturni mukammal chiqishiga zamin yaratadi. Shu o‘rinda xalq ijodining asosiy turlariga qisqacha ta’rif berishga va ularni ommaviy tadbirlarda qо‘llash mezonlariga bog‘liq bо‘lgan ba’zi masalalariga tо‘xtalib o‘tamiz. “An’ana” – tarixiy taraqqiyot jarayonida tabiiy va ijtimoiy ehtiyojlar asosida vujudga keladigan, ajdodlardan avlodlarga meros bо‘lib о‘tadigan, kishilar madaniy hayotiga ta’sir о‘tkazadigan madaniy hodisadir. An’ana о‘ziga xos ijtimoiy qoida tarzida kishilar ongiga singgan (umum yoki ma’lum guruhtomonidan), qabul qilingan tartib va qoidalar majmuasi hisoblanadi (1, 8). “Marosim” – bu tushuncha nisbatan tor tushuncha bо‘lib, u shu xalq hayotining ma’lum sohalarida omma tomonidan qabul qilingan, kо‘pincharamziy xarakterga ega bо‘lgan va ma’lum kishilar majmui tomonidan maxsus uyushtiriladigan namoyishlardan iborat. Shuningdek marosim – insonhayotining moddiy va ma’naviy turmushining talab va ehtiyoji bilan yuzaga kelgan va keladigan hodisadir. Har qanday marosim u yoki bu xalqning ma’lum bir tarixiy taraqqiyoti bosqichidagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy rivojlanish darajasini kо‘rsatuvchi asosiy belgilarni о‘zida mujassamlashtirgan holda vujudga keladi va yashaydi. Boshqacha qilib aytganda, marosim jamoa tomonidan qabul qilingan ramziy harakatlarga ega bо‘lgan hayotiy tadbirdir (2,12). Xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi sifatida vujudga kelgan marosimlar uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, xalq hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Marosimlar o‘zida xalqning asriy an’analari, turmush tarzi, mentaliteti, qolaversa, g‘oya va qarashlarini bevosita aks ettiruvchi voqeilik sifatida gavdalanar ekan unda xalq turmushining etnik va estetik jihatlari o‘z ifodasini topadi. Insonning tug‘ulishi, hayotining ma’lum bosqichi, shu jumladan, vafotini oilada maxsus marosimlar orqali qayd etish o‘ziga xos an’anaga aylangan. Bunday an’analar barcha xalqlar madaniyatida mavjud ekanligini e’tirof etish zarur. “Urf-odat” deyilganda kishilarning turmushiga singgib ketgan, ma’lum muddat takrorlanib turuvchi hatti-harakat, kо‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari kо‘nikmasidir. Urf-odat tushunchasi esa о‘ta keng bо‘lib, u о‘z ichiga xalq hayotining barcha tomonini – oddiy kundalik udum, rasm-rusm, irim-sirimlar, о‘zaro-muomalatarzi hamda barcha marosimlarni butunicha qamrab oladi. Demak ushbu marosim va urf-odatga berilgan qisqacha qaydlardan ham kо‘rinib turibdiki, urf-odat tushunchasi xalq hayotining barcha sohasini о‘z ichiga qamrabolsa, marosim tushunchasi hayotning muayyan sohalarigagina aloqadordir. Urf-odat bir vaqtning о‘zida bir shaxs yoki bо‘lmasa kо‘pchilik tomonidan bajarilishi shart bо‘lgan qoida bо‘lsa, marosim belgilangan shaxslar tomonidan bajarilishi lozim bо‘lgan hatti-harakatdir (2,13). Jumladan, kichikning kattaga birinchi salom berishi yoki kо‘pchilikka kamchilikni salom berishi, yoinki mehmonlarga alohida hurmat kо‘rsatish, bayram arafasida yaqinlari, keksaqariyalar,qо‘ni-qо‘shnilar holidan xabar olish kabi kо‘rinishlar о‘zbeklarga xos milliy urf-odatlardir. Urf-odatlar bilan marosim orasidagi о‘zar farqni ular ichidagi ramziy harakatlarni qо‘llanilishi darajasi orqali anglab olish mumkin. Jumladan, urf-odat о‘z ichiga ramziy va ramziy bо‘lmagan harakatlarni tо‘la qamrab olsa, marosim faqat ramziy xarakterdagi xatti-harakatlarnigina qamrab oladi. Qolaversa urf-odat muayyan xalq uchun asosan bir xil – о‘zgarmas qoida, norma bо‘lsa, marosim bir xil xalq doirasida keskin lokal farqlanishlarga ham ega bо‘ladi. Shuningdek har qanday marosim о‘zi mansub bо‘lgan xalq urfodatlarining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Shu bois marosimdan urf-odat elementlarini qidirib topish mumkin, lekin urf-odatdan marosimni qidirib bо‘lmaydi. Bu о‘rinda biroz boshqacharoq tarzda folklorshunos B.Sarimsoqov ta’biri bilan aytadigan bо‘lsak, har qanday marosim urf-odat hisoblanadi, ammo har qanday urf-odat marosim bо‘la olmaydi (3,143). “An’ana”, “marosim”, “bayram” atamalari о‘zgarmas tushunchalar emas. Zamona taraqqiyoti va turmushdagi о‘zgarishlar ta’sirida tushunchalar mazmuni ham kengayib boradi. Ijtimoiy hayotdagi о‘zgarishlar ta’sirida talabga javob bermay qolgan an’ana va bayramlar asta-sekin unitila boshlaydi, mohiyatan xalqchil, ijtimoiy salmoqqa ega bо‘lgan an’analar taraqqiy etadi. Masalan, Navrо‘z, Qovun sayli, Lola sayli va hokazolar zamonaviy talabga javob berganligi uchun asrlar osha yashab kelmoqda. Mazmun (g‘oya), badiiylik (obrazlilik) jihatdan kuchli bо‘lgan nutqning namunalari og‘izdan-og‘izga о‘tib, kо‘pchilik orasida tarqalib, xalq og‘zaki ijodiga aylanadi. Ular omma о‘rtasida qayta – qayta sayqal topib, muayyan bir xususiyatga ega bо‘lgan janrlarga aylanib bordi. Chunonchi, xalq og‘zaki ijodiga maqollar, topishmoqlar, afsona va rivoyatlar, latifa va loflar, ertaklar va dostonlar, askiya va og‘zaki drama kabi janrlar kiradi. Xususan, badiiy-ommaviy tadbirlarda xalq og‘zaki ijodi janrlaridan foydalanish muhim ahamiyatga egadir. Chunonchi, deyarli barcha ssenariyda “sо‘z kо‘rki – maqol”dan, xalq donishmandligi hisoblangan afsona va rivoyatlardan foydalanish tadbir “til”ini boyitadi, ta’sirchanligini oshiradi. Latifa, lof va askiya tadbirlarning qiziqarliligini yanada oshiradi, mazmunini mustahkamlaydi, tomoshabinlarni faollashtiradi. Topishmoqlar tadbir ijrochilari va auditoriya о‘rtasida “jonli” aloqa о‘rnatishga yaxshi imkon yaratadi. Ayniqsa, bolalar uchun tayyorlangan tadbirlarda ertak va dostonlar qahramonlari ularni g‘oyaviy estetik tarbiyalashda muhim rolni bajaradilar. Masalan, Alpomish, Gо‘rо‘g‘li, Zumrad, Kenja botir, Malikai Husniobod singari obrazlar yoshlarning sevimli qahramonlari sifatida asrlar osha hozirgacha yetib kelgan. Badiiy-ommaviy tadbirlarda xalq og‘zaki ijodining betakror, ayni chog‘da, olam-olam mazmun kasb etuvchi maqollari, aforizmlari, naql va iboralari ssenariy mohiyatining yanada chuqurlashuvi, tadbir kuchining о‘tkirlashuvini taminlashda xizmat qiladi. Xalq musiqa folklori - ashula, cholg‘u va vokal-cholg‘u asarlaridan iborat bо‘lib, iste’dodli xalq ijrochilari – sozanda, hofiz, oqin, baxshi, xalfalar tomonidan ijro etiladi. Xalq musiqa folklorida mavsum va marosim, tо‘y, bayram va boshqa voqealarda ijro etiladigan qо‘shiqlar mavjud. Jumladan, bola tug‘ilishi, tarbiyalanishi, ilk bor sochini oldirishi, tishi chiqishi va birinchi mustaqil qadam tashlashi marosimiga bag‘ishlangan qо‘shiqlar, nikoh tо‘ylarida aytiladigan yor-yor, lapar, о‘lanlar, marosimlarida aytiladigan marsiya, yig‘i, yо‘qlov kabi aza qо‘shiqlari oilaviy tadbirlarning muhim qismini tashkil etgan. Xalqning tabiat va mehnat bayramlari ham maxsus ijro etiladigan qо‘shiqlarsiz о‘tmagan. Xalq raqs san’ati - voqelikni harakatlar orqali tasvir etadigan ijod turidir. Qadimdan odamlar tabiat va hayvonot dunyosi ularga qanday ta’sir etishini, shuningdek, ovchilik, dehqonchilik chorvadorlik faoliyatlarini о‘yin, obrazli harakatlar, imo-ishoralar orqali sо‘zsiz tasvirlashi natijasida raqs san’ati vujudga kelgan. Marosim va bayramlarda syujetli raqs zо‘r qiziqish bilan tomosha qilingan. О‘zbek xalqida raqs san’ati ashula va musiqa bilan chambarchas bog‘lanib ketgan va shu an’ana hozirgacha davom etmoqda. Hozirgi kunda respublikamiz badiiy havaskorlik ijodining eng rivojlangan janri - bu ashula va raqs ansambllaridir. Xalq raqs san’atidan vosita sifatida hozir ham kо‘pgina tadbirlarda foydalanilmoqda. Xalq teatri san’ati - asosan, sо‘z va harakat san’atidan tashkil topgan. U qadimdan о‘zida qо‘shiq, musiqa, qiziqchilik, akrobatika, nayrangbozlik, kо‘zboylag‘ichlik kabi elementlarni sintezlashtirgan. Dastlabki davrda u ovchilik, dehqonchilikda uchraydigan voqealarni obrazli harakatlar (о‘yinlar) orqali tasvirlash asosida vujudga kelgan va xalq bayramlari, marosimlarida rivoj topgan, xalq san’ati darajasiga kо‘tarilgan. Jamiyat taraqqiyoti davomida xalq teatr san’ati ijrochilari bir necha sohalar bо‘yicha mutaxassislasha borishgan. О‘zbek an’anaviy xalq teatrining quyidagi asosiy turlari shakllangan: 1. Masxarabozlik va qiziqchilik 2. Dorbozlik, nayrangbozlik (sirk san’ati) 3. Qо‘g‘irchoqbozlik О‘zbekistonda an’anaviy xalq teatri elementlarini о‘zida mujassamlashtirgan Yevropa tipidagi professional va havaskorlik teatrlari vujudga kelib, zamonaviy san’atning asosiy turiga aylangan bо‘lsa-da, an’anaviy xalq teatri san’ati butunlay yо‘qolib ketmadi. U hozirgi kunda qaytadan tiklanmoqda va asosan, masxarabozlik hamda dorbozlik xalq san’atlarini о‘zida mujassamlashtirmoqda. Xalq ijodi shunday bir serqirra va kо‘p janrli hodisadirki, ular haqida tom tom kitoblar yozilsa, yuz minglab maqolalar va risolalar bitilsa, kamlik qiladi. Shu sababli, biz о‘ziga xos о‘rin topib rivojlanayotgan ommaviy tadbirlarda keng qо‘llana boshlagan xalq ijodining ikki durdonasi – askiya va baxshilar ijodiga tо‘xtalamiz. О‘zbek xalqining qadim zamonlardan о‘ziga xos, mazmundor, shaklan gо‘zal, kо‘p qirrali, boy madaniyat, urf-odat va san’atga ega ekanligi ma’lum. Ularning orasida askiya eng sevimli, ta’sirchan va katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bо‘lgan san’at turlaridan biridir. Askiya – bu ijtimoiy ahamiyatga ham ega bо‘lib, xalqning hayot mazmunini, mehnat va madaniyatini, kishilar о‘rtasidagi munosabatlarni, qarama-qarshiliklarni, shuningdek, kishilardagi dunyoqarashni о‘zida aks ettiradigan о‘zbek san’atining an’anaviy hajviy janridir. О‘zbek xalqi ichida shuhrat qozongan mashhur askiyachilar: Yusufjon qiziq Shakarjonov, Hoji Siddiq Islomov, Tursunbuva Aminov, Sulaymon qori, Mamajon Maxsum, Oxunjon qiziq, Erka qori, Usmon qori, Abdulxay Maxsum Qozoqov, Jо‘raxon Sultonov, aka-uka Madaminjon va Zaynobiddin Yusupovlar, G‘ulomjon Rо‘ziboyev va boshqalar inson qalbini ruhlantiradigan, mehnat va kurashga chorlaydigan, mazmunli va qiziqarli dam oldiradigan san’atning rivojlanishiga katta hissa qо‘shdilar. Baxshichilik san’ati – bu eng qadimiy san’at durdonalaridan biridir. Baxshilar xalq oldida о‘z san’atini doimiy ravishda namoyish qilishi va uning an’analarini saqlab qolishi bilan madaniy hayotda katta xizmat qilganlar. Asrlar osha rivojlanib, hozirgi kungacha yetib kelgan bu xalq ijodi bо‘yicha bir necha baxshilik maktablari bо‘lgan. Ular ichida Sherobod, Bulung‘ur, Nurota, Xorazm, Qoraqalpoq dostonchilari о‘z mahorati va an’analari bilan xalq orasida keng shuhrat qozonishgan. Ergash Jumanbulbul о‘g‘li, Fozil Yо‘ldosh о‘g‘li, Pо‘lkan shoir, Islom shoir, Abdulla kabi shoir-baxshilar bu xalq ijodini boyitganlar. Hozirgi davrda ularning an’analarini munosib davom ettirayotgan qashqadaryolik Qodir baxshi Rahim о‘g‘li va Zohir baxshi Qо‘chqor о‘g‘li, bо‘kalik – Chori Xо‘jamberdi о‘g‘li, Surxondaryolik – Shoberdi Bolta о‘g‘li, Jizzaxlik – Temir Alixonov, xorazmlik – Qurbonnazar (Bola baxshi) Abdullayev, О‘g‘iljon Jumanazarova va Shukurxon Rahimova, Qoraqalpog‘istonlik – Jalgas Yesbolganov kabi xalq ijodkorlari badiiy yuksaklikka erishmoqdalar. Bu bebaho xalq ijodining taraqqiy etishida baxshi – shoirlarning yig‘ilishlari, bahslashuvlari, kо‘riklari muhim rol о‘ynagan. Bu anjumanlarda baxshilar bir-birlaridan ijod sirlarini о‘rganishgan, ijrochilik mahoratini oshirishgan. Baxshichilik san’atini saqlash va rivojlantirish – bu zamonaviy о‘zbek madaniyatining eng muhim masalalaridan biridir. Hozirgi vaqtda baxshilar faoliyati haqida faqat ma’lumotlar tо‘plash bilan cheklanmasdan, balki uni zamonaviy san’at va madaniyat nazariyasi asosida chuqurroq va kengroq tadqiq qilish lozim. Mazkur san’atni faqat folklorshunoslar emas, balki boshqa soha egalari: yozuvchi, shoirlar, musiqashunoslar, teatrshunoslar, madaniyatshunoslar hamkorlikda о‘rganishlari kerak. Chunki baxshichilik san’ati kо‘pgina ijod turlarini о‘zida sintezlashtirgan san’atdir. Baxshichilik san’atining kishini qoyil qoldiradigan yana bir diqqatga sazovor tomoni shundaki, u asarni favqulodda ijro qilish bilan birgalikda vujudga keladi. Baxshining ijodi badihagо‘ylik (improvizatsiya) yо‘li bilan aytiladi. Ya’ni baxshi hayoliga kelgan g‘oya-fikr shu zahotning о‘zidayoq avvaliga badiiy-she’riy matnga va zudlik bilan qо‘shiq shakliga aylanadi va ijro etiladi. Agar zamonaviy qо‘shiqchilik san’atida avval shoir she’r yozsa, keyin kompozitor unga kuy yaratsa, undan sо‘ng xormeyster ashulachi bilan, dirijyor ansambl a’zolari bilan mashq qilib, ularning birlashishidan ashula vujudga kelsa, bu jarayonni baxshining yakka о‘zi bir necha lahzada badiha qiladi. Baxshichilik san’atida termalar aytish alohida о‘rin tutadi. Terma, asosan badiha yо‘li bilan tо‘qiladi. Baxshi yozilgan she’rdan foydalanmaydi. U xayoliga kelgan diqqatga sazovor fikr-g‘oyalarni darrov qо‘shiqqa solib aytadi. Kо‘pincha, baxshilar davrasida aytishuv vujudga keladi. Bir baxshi boshlab bergan mavzuni boshqalari davom ettiradi. Kimning termasi g‘oyaviy badiiy va ijrosi kuchli bо‘lsa, о‘sha g‘olib chiqadi. Urf-odatlar, marosim va udumlarni о‘z ichiga qamrab olgan epizodlar zamonaviy teatrlashtirilgan tadbirning о‘ziga xos belgilaridan biri hisoblanib, kunning dolzarb masalasiga aylanib bormoqda. Kо‘pincha bunday sahnaviy chiqishlar, teatrlashtirilgan miting yoki ba’zi tantanali marosimlarning ssenariylarida uchrashi odatiy xol. Lekin hozirda davlat darajasidagi ijtimoiy-siyosiy bayramlarda ham bu kabi epizodlar asosiy blok sifatida sahnalashtirilmoqda. Chunki urf-odat va marosimlar asosida xalqimizning о‘lmas an’analari, boy tarixi, ma’naviy hayoti yashirinib yotadi. Barkamol yetuk insonlar tarbiyasida bularning ahamiyati katta sanalib, davlat tomonidan berilayotgan e’tiborning asosiy boisi shundadir. Milliy boyligimiz sanalmish marosimlarni zamon ruhida sahnalashtirish, kengaytirish va ommalashtirish zarur hisoblanadi, chunki hozirda birorta bayramni, marosim va udumlarsiz tasavvur etib bо‘lmaydi. Hozirda о‘tkazilayotgan kо‘pgina teatrlashtirilgan ommaviy bayramlar rejissurasi marosim va urf-odatlarni sahnalashtirishda ba’zi bir xatolarga yо‘q qо‘yilmoqda. Masalan: Navrо‘z bayrami. Bu bayramni sahnalashtirishda bizning yо‘qolib ketayotgan urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni qayta jonlantirishga e’tibor berilmoqda. Ular sahna orqali xalqimiz ongida tiklanmoqda. Xalq ijodiyotining ajoyib о‘lmas durdonalari lapar va о‘lanlari, yor-yor va aytimlar, milliy xalq о‘yinlari viloyatlar blokida, viloyat folklor etnografik jamoalari tomonidan qayta ishlanib ijro etilmoqda. Lekin bunday qadriyatlarimizni, marosim va odatlarimizni sahnaga olib chiqishda sahnalashtirilayotgan urf-odatlarimiz о‘z milliyligini yо‘qotmoqda. Bugungi zamonaviy ommaviy bayram va tomoshalar rejissurasida xalq og‘zaki ijodi janrlari sinteziga doir fikrlar, mulohazalarimiz va bu boradagi kuzatishlarimizdan quyidagi xulosalar chiqarish mumkin: 1. Ommaviy teatrlashtirilgan tadbir, lо‘ndalik va obrazlilik, mahorat va tomoshaviylik, demokratizm va ramziylik, idrokning ommabopligi va ifodalashning majoziy shakllarini asos qilib oladi. Bu san’at turining о‘ziga xosligi rejissyordan barcha san’at turlarini bilishni, zamonaviy, texnik - kо‘rsatish, kо‘rish vositalaridan foydalanishni, xalq va maydon teatr usullarini bilishni, va bularning hammasidan obrazlar dunyosiga ega bо‘lgan, yaxlit, uyg‘unlashgan tadbirda foydalanishni talab etadi. 2. Rejissyorlarimiz birinchi о‘ringa milliylikni emas balki, sahnaviylikni qо‘yishmoqda. Ular uchun chiroyli sahnaviy kо‘rinish kerak, milliylik esa ikkinchi darajali bо‘lib qolmoqda. Shu sabab urf-odatlarimiz yarim jon holatda namoyish etilmoqda. Demakki, biz teatrlashtirish jarayonida ish olib borganda, material va hujjatlilikka asoslanib, mahalliy mentalitetga, insonlar yashash tarziga, urf-odat va marosimlariga, til va diniga ham katta e’tibor bermog‘imiz lozim. 3. Xalq ijodini olimlarimiz bitmas - tuganmas boylikka, davrlar о‘tgan sari qiymati oshib boraveradigan durga, ommaga ruhiy oziq beradigan mangu sarchashmaga qiyoslashadi. Shunday ekan, ularni kо‘z qorachig‘iday saqlash, taraqqiy ettirish har bir madaniyat xodimining burchidir.

Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qoraboyev U. O‘zbek xalq bayramlari. Т.: “Sharq” nashriyoti. 2002. 2. Sarimsoqov B. O‘zbek marosim folklori.. T.: “Fan” nashriyoti. 1986. 3. Sayfullayev B va boshqа. Nomoddiy madaniy meros va folklor ijro san’ati. O‘quv qo‘llanma -Т.: “Navro‘z” nashriyoti. 2017. 4. Ahmedov F. Ommaviy bayramlar rejjisurasi asoslari. T.: “Aloqachi” nashriyoti. 2018[1]

  1. Qoraboyev U. O‘zbek xalq bayramlari. Т.: “Sharq” nashriyoti. 2002. 2. Sarimsoqov B. O‘zbek marosim folklori.. T.: “Fan” nashriyoti. 1986. 3. Sayfullayev B va boshqа. Nomoddiy madaniy meros va folklor ijro san’ati. O‘quv qo‘llanma -Т.: “Navro‘z” nashriyoti. 2017. 4. Ahmedov F. Ommaviy bayramlar rejjisurasi asoslari. T.: “Aloqachi” nashriyoti. 2018.