Amir Temur tuzuklari-Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan. Amir Temurning "Tuzuklar" muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida "Temur tuzuklari"ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D. MikluxoMaklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-asrlarda Hindistonda yozilgan. Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiysiyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqa xususida gap boradi. Asar Amir Temur davridagi oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. "Temur tuzuklari" ("Tuzuki Temuriy")ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski oʻzbek tilda bitilganligi maʼlum. Bu usmoniy turk hokimlaridan biri — Yaman hokimi Jaʼfar Posho (hukmronlik yillari 1607—12) ning kutubxonasidagi turkiy tilda yozilgan asar bilan bogʻliq. "Tuzuki Temuriy"ning suz boshida keltirilishicha, oʻrtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy alAriziy atTurbatiy Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj qilgan vaqtida asarni oʻqishga muyassar boʻlgan va 1610 y. Jaʼfar Poshoning topshirigʻi bilan uni fors tiliga oʻgirgan. Bizgacha ana shu forsiy nusxa tosh bosmalar, zamonaviy nashrlar va qoʻlyozmalar shaklida yetib kelgan. Husayniy Turbatiy forscha tarjimani 1637 y. boburiy hukmdor Shoh Jahonga (1628—57) tortiq qilgan. Shoh Jahon tarjima bilan tanishib chiqib, unda ayrim noanikliklar va kamchiliklar topgan hamda yirik olim, Dekan viloyatining qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyni (vafoti 1652 y.) huzuriga chaqirtirib, mazkur tarjimani moʻʼtabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si va shunga oʻxshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yoʻl bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan. Muhammad Ashraf Buxoriy koʻrsatmaga koʻra, Mir Abu Tolib alHusayniy atTurbatiy nusxasini diqqat bilan tahrir qilgan. Shu zaylda asarning yangi, toʻldirilgan tahriri vujudga keladi va u "Malfuzoti Temuriy" ("Temurning aytganlari") va "Voqeoti Temuriy" ("Temurning boshidan kechirganlari") nomi bilan taniladi. Keyinchalik undan koʻplab nusxalar koʻchirilgani maʼlum.