SUD-LINGVISTIK EKSPERTIZADA NUTQNING AHAMIYATI

Og'zaki nutqning sud-tibbiy tadqiqi sud ekspertizasining bir necha bo'limlariga ta'sir qiladi. Xususan, umumiy nazariy bo'limda bu  shaxsni o'rganishga; sud-tibbiyot texnologiyasida – ekspert tadqiqotlariga; kriminalistika taktikasi doirasida  tergov harakatlarini ishlab chiqish xususiyatlariga bevosita bogliq. Ozbekistonda u qadar rivojlanib ulgurmagan yuristlingvistika yo'nalishi sifatida og'zaki nutqni tadqiq qilish hozirgi kunda aynan taktik va sud-tibbiy jihatdan tergov harakatlarini ishlab chiqish kontekstida katta qiziqish uygotadigan dolzarb mavzulardandir.

Malumki, kognitiv xususiyat intellektual soha  fikrlash jarayonlarini o'z ichiga olgan shaxsning kognitiv faoliyati bilan aloqador. Globallashuv jarayoni tezlashgan bugungi kunda har bir shaxs dunyoning rasmini aks ettiruvchi tasvir va g'oyalarni rivojlantiradi; uning ongida ma'lum bir ierarxiya shakllanadi: "ijtimoiy tajriba va faoliyatning o'ziga xos muhitida ijtimoiy, madaniy qadriyatlar tizimi takomillashadi" [2, 53]. Bu so'zlashuv formulalarini muntazam aniq ravishda ishlatishda va nutqning individual burilishlarida namoyon bo'ladi, shu orqali so'zlovchining shaxsini aniqlash mumkin.

Tergovchi tergov harakati ishtirokchisining og'zaki nutqining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, uning hissiy holati to'g'risida xulosalar chiqaradi, shaxs bilan o'zaro munosabatlarning to'g'ri taktikasini belgilaydi, psixologik aloqa o'rnatadi, shuningdek ma'lumotlarning ishonchsizligini ko'rsatadigan belgilarni aniqlaydi. Tergov harakatlari ishtirokchisining og'zaki nutqining xususiyatlarini tahlil qilish imkonini beradigan eng keng tarqalgan tergov harakatlaridan biri so'roqdir. Soroq jarayonida etiborli jihat shundaki, nutqning individual xususiyatlarni shakllantirishga temperament, ovoz va nutq nuqsonlari kabi omillar yordam beradi. Ular signalning jismoniy tabiatiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi, ma'ruzachi shaxsiyatining individual o'ziga xosligini kuchaytiradi va ta'kidlaydi. Bu jihatlar hayot davomida, deyarli, o'zgarmaydi va muayyan o'ziga xos xususiyatlar majmuasiga ega [1].

Pragmatik xususiyat shaxsning kommunikativ munosabatlari  uning qiziqishlari, niyatlari va motivlari bilan belgilanadi. Motivatsiya, Yu.N.Karaulovning fikriga ko'ra, "kommunikativ va faol ehtiyoj" [2, 215] lingvistik shaxsning pragmatik jihati birligi sifatida qaraladi. U, shuningdek, lingvistik shaxsning individual xususiyatlarini belgilovchi eng muhim omillardan biri bo'lib xizmat qiladi. Bu nafaqat shaxsning mantiqiy fikrlashini bilish darajasi, balki uning hissiy holati, qolaversa, muloqotning situatsion omillari bilan belgilanadi. Nutq har xil sharoitlarga qarab o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'ladi. Shaxs nutqida barqaror rasmiy korrelyatsiyalar mavjud emasligi sababli bunday omillarning soni cheklanmagan. Bugungi kunga qadar psixolingvistika hamda sotsialingvistika doirasida amalga oshirilgan "odatiy vaziyatlarni va kommunikativ munosabatlarni hisoblash va tizimlashtirishga urinishlar" [3, 105] shaxsning pragmatik xususiyatlarining tuzilishini to'liq taqdim etishga imkon bermaydi.

Takidlash joizki, yozma nutq belgilarining individualligi va barqarorligi psixofiziologik asosini dinamik stereotip tashkil qiladi [1]. Bu kabi masalalarni, shuningdek, matnni avtorizatsiya qilish muammolarini nazariy va lingvistik nuqtayi nazardan o'rganilishini davr talab qilmoqda. Chunki fuqarolar muammosini tezkor hal qilish borasida yaratilgan imkoniyatlardan, xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi yoki xalq qabulxonalariga murojaat yollash qulayliklaridan foydalanib, fitna qozgaydigan hasadgoy, mansabparast firibgarlar ham kopayib bormoqda. Shu bois haqiqat qaror topishiga doir izlanishlar, lingvistik shaxsga tashxis qo'yish va nazariy tilshunoslikda sifat usullariga nisbatan miqdoriy metodologiyaning o'rnini aniqlashtirish uchun matnni avtorizatsiya qilish imkoniyatlarini ilmiy baholash, shuningdek ularni qo'llash chegaralarini aniqlash nihoyatda zarur.