Xadicha Sulaymonova biografiyasi

XX asrda o‘zbek ayollaridan birinchi bo‘lib, sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavor kurashgan ayol, yetuk huquqshunoslik ilmini egallab, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi akademik Xadicha Sulaymonova jinoyat huquqi va O‘zbekiston sud-huquq tizimida o‘ziga xos maktabga asos solgan olima hisoblanadi. XX asr boshlaridagi suronli yillarda Andijon tomonlarga borib qolgan Sulaymon Kelgenboev ismli qozoq yigiti, o`z davrining bilimdon va savodli insonlardan biri, mahalliy aholi ichida Otincha ismli qizga uylanadi. O`zbekiston tarixining sahifalariga ko`ra turli hil g`alayonlar, uning ortidan kelgan og`ir judoliklar, mana shunday ayanchli hayot sinovlari Kelgenboyev oilasini ham chetlab o`tmadi. Tirikchilik g`amida Turkiston o`lkasiga borib qolgan Sulaymon Kelgenboyev yillar davomida, o`zbek, qirgiz, tojik, turkman va rus tillarini mukammal o`zlashtira oldi. Shu tufayli, Andijon boylaridan bittasi uni karvonsaroyiga ishga oladi. Karvonsaroyning ish boshqaruvchisi sifatida har xil millat vakillari, ayniqsa, karvonsaroyga maishat qilish uchun tez-tez keladigan rus mansabdorlari va politsiya pristaviga xizmat qila oladigan yagona kishi Sulaymon Kelgenboyev edi. Bir necha tilni bilishi tufayli u el qatori ro‘zg`or tebratardi. Xadicha Sulaymonovna 1913-yil 3-iyulda Andijon shahrida ziyolilar xonadonida tavallud topgan. O'lkada notinchlik zamoni boshlanadi. Afsuski, shunday paytlarning birida 1919–yil Sulaymon Andijonda to`satdan bostirib kirgan qurolli bosqinchilar o`qidan halok bo`ladi. Xadichaning volidasi Otincha qat’iyatli, o`qimishli va irodali o`zbek ayollaridan edi. Erining vafotidan so'ng qancha zahmat cheksa ham farzandlarini o'zgalardan kam qilmaslikka harakat qildi. Xadicha Sulaymonovaning xolavachchasi Qurbongul Saidova xotiralarida “Otincha holam beshta bolasi – Yusufjon, Mo‘tabar, Xadicha, Niyozbek, Gulbahromlar bilan birga Andijonda yashar edi. Xadicha akasi Yusufjon, opasi Mo'tabar, ukasi Niyoz bir kunda maktabga birinchi sinfga borar edi. Ajablantiradigan joyi yo`q, Sovet hukumatining dastlabki yillarida har xil yoshli bolalar bitta sinfda o'qiyverardi. 1924-yilda volidasi Otincha pilla zavodiga ishga kiradi. Zavodda ishlash bilan birga o`zbek tili va adabiyotidan o'qituvchilar tayyorlagan kursda o'qiydi. Bu yerda olgan bilimi bilan zavod ishchilari va o`zi yashaydigan mahalla aholisi savodini chiqarish to`garagiga yetakchilik qiladi. 1924-yilda u bolalari bilan Andijonga qaytib keldi va shu yerda rus-tuzem maktabining uchinchi sinfida o'qishni davom ettiradilar. Xadicha Sulaymonovaning bolalik va yoshlik yillari Andijonda o‘tgan. Xadicha onasidan dadasining qanday inson bo`lganligi haqidagi hikoyalarni eshitib, dadasi kabi ko`p tillarni bilishni niyat qiladi. Xadicha Sulaymonova tug`ilgan davr qirg`in-barot va hayotiy qaramaqarshiliklarga to`la bo`lgani sababli, taqdir bo`lajak olimani hali go`daklik davridayoq og`ir sinovlar bilan “siylagan” edi. Buning hammasini o'qib-bilib yurgan Xadicha, bilim olsagina yutuqlarga erishishini anglab yetadi.

Talabalik davrlari

Xadicha Sulaymonova 1931- yilda to’qqiz yillik rus maktabini tamomlagan. Shundan so’ng “Sovet qurilishi va huquq ilmiy-tadqiqot instituti”ning tayorlov kursida o’qiydi. Kursda bir yil o’qigach Toshkentda endigina tashkil etilga Jahon Obidova nomidagi Sovet qurilishi va huquq instituti huquq fakultetining ikkinchi kursida o’qishni davom ettiradi. Ustoz muallimlar S. E. Avrux ayniqsa G.M. Arenberg Xadichaning o’qishida katta yordam berishadi. 1935-yilning sentabrida Sovet qurilishi va huquq instituti respublikada birinchi marotaba yurist kadrlar yetishtrib chiqaradi. Ular orasida Xadicha Sulaymonova ham institutni tamomlaydi. Bitiruvchilarga diplom O’zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Komitetining raisi Yo’ldosh Oxunboboyev tomonidan topshiriladi. 1938-yilning sentabrida Moskva yuridik instituti Sovet jinoyat huquqi kafedrasiga aspirant bo’lib kirib, 1939-1941 yillarda taxsil oladi. SSSR fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, professor A.N. Traynin unga ilmiy rahbarlik qiladi.  1945-yil 20-iyulida SSSR Adliya komissarligi huzuridagi Butunittifoq yuridik fanlar institutida dissertatsiyasini himoya qiladi. U huquqshunoslik sohasida ilmiy daraja olishga sazovor bo’lgan birinchi o’zbek ayoli. 1948-yilning sentabrida Xadicha Sulaymonova SSSR Fanlar Akademiyasi huquq institutiga ikki yilga doktranturaga yuboriladi.1950-yilning 29-dekabrida Sulaymanova doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Xadicha Sulaymonovaning huquq sohasidagi faoliyati.

Xadicha Sulaymonova o’qishni tamolaganidan keyin O`zbekiston Oliy Sudiga ishga taklif qilinadi va sudya lavozimida faoliyat yurita boshladi. 1935-yilning oxirida esa Respublika Oliy sudi lavozimiga saylandi. 1941- 1954 yillarda Toshkent yuridik instituti jinoyat huquq kafedrasi dotsenti va mudiri lavozimlarida faoliyat ko`rsatadi. 1954-1955 yillarda mazkur institutning rektori vazifasida ishlaydi. 1955-1956 yillarda Toshkent yuridik instituti tugatilib, O‘rta Osiyo universitetining yuridik fakultetiga aylantirilgach u yerda dekan vazifasini bajaradi. O`zbek xotin-qizlari orasida birinchilardan bo`lib, 1951 yilda “O`zbekistonda jinoyat huquqining vujudga kelishi va rivojlanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. 1952 yilda unga professorlik ilmiy unvoni berildi. 1956-yilning sentabridan boshlab 1959 yilgacha Respublika Adliya vaziri vazifasini bajarishga kirishadi.  1959-1964 yillarda O`zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti huzuridagi Adliya komissiyasi raisi, 1964-yildan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimlarida faoliyat ko`rsatdi. 1959-yildam 1963-yilgacha Xadicha Sulaymonova boshchiligida to’rtta ilmiy ishlar to’plami nashrdan chiqadi. O`zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti, Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi ilmiy tadqiqot markazi tashkil etishda bosh-qosh bo`ldi. Zukko olima, talabchan rahbar hislatiga ega bo`lgan Xadicha Sulaymonova, ko`plab shogirdlar yetishtirdi. Uning bevosita rahbariligida bir qator yoshlar nomzodlik doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. Xadicha Sulaymonova o`zbek ayollaridan birinchi akademik sifatida tarixga muhrlandi. Xadicha Sulaymonova katta davlat va jamoat arbobi darajasiga ko`tarildi. U o`zbek fani va siyosiy ta`limotlar tarixi targ`ibotchisi sifatida Xitoy, Niderlandiya, Buyuk Britainiya, Yaponiya, Bolgariya, Chexiya, Slovakiya, Afrika mamlakatlari va boshqa qator xorijiy davlatlarga tashrif buyurdi. Xalqaro kengashlar, simpoziumlar, global muammolarga bagʻishlangan turli anjumanlarda ishtirok etdi va ma`ruzalar qildi. Biroq sobiq sovet imperiyasi siyosati adolatparvar Xadicha Sulaymonovaga mutlaqo ma`qul kelmadi. Ayniqsa, u faoliyat yuritayotgan adolat qo`rgoni bo`lmish, sud tizimidagi adolatsizliklar uning vijdonini kundan-kunga kemira boshladi. Bu adolatsizliklar oxir oqibat uni og`ir xastalikka duchor qildi. 1965-yil 26-noyabrda Xadicha Sulaymonova og‘ir va uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng hayot va iste’dod cho‘qqisida olamdan o‘tdi. O'zbekning salohiyatli olimasi, xalqning suyukli farzandi, taniqli huquqshunos, katta davlat va jamoat arbobi, akademik Xadicha Sulaymonova mangulikka rihlat qildi. U iqtidorli olimlardan biri bo‘lib, Respublikada huquqshunoslik va sovet qonunchiligi rivojiga katta hissa qo‘shdi.