Chxongechxon daryosi Seul qoq markazida oqib o‘tuvchi Chxongechxon sayoz daryo-irmoq, katta Xangan daryosidan oqib tushadi. Monarxiya boshqaruv davrida Chxongechxon daryosi siyosiy markaz, odamlar uchun hayot manbai bo‘lgan, Choson sulolasi boshqaruvi davrida maxsus voqealar nishonlangan. Daryo Seul hayotida muhim rol o‘ynagan: XV qirol buyrug‘iga ko‘ra bu yerda Chxongechxon o‘zanini chuqurlashtirish maqsadida katta ishlar olib borilgan.  Choson sulolasi davrida daryo Kechxon, ya’ni «irmoqlarni kovlash» deb nomlangan. Dastlab bu Seul markaziga tog‘lardan oqib tushuvchi oddiy havza edi. Kuchli yomg‘irlar vaqtida suv havzasidan tashqariga toshib, atrofdagi uylarni suv bosib ketardi, oqibatda katta zarar yetkazardi. Bu rayonda muntazam ravishda yuzaga kelgan suv toshqinlari sabab Choson sulolasining uchinchi qiroli Tejon, irmoqqa asosiy o‘zan berish haqida buyruq berdi.  Uning izdoshi qirol Buyuk Sejon daryoning oqib kelishini izga solishga qaratilgan ishlarni olib bordi. Kechxon daryosiga oqib keluvchi barcha mayda irmoqlar atrofida qurilish ishlari olib borildi: daryoning o‘zida esa suv darajasini o‘lchash uchun ustun o‘rnatildi. Yonjo qiroli buyrug‘iga ko‘ra daryoning qirg‘oqlari va o‘zani o‘zgaradigan joylariga toshlardan to‘siq qo‘yib chiqildi.  Yapon kolonial boshqaruvi davrida Yaponiya 1914 yili barcha daryolar nomiga o‘zgartirish kiritganida daryoga Chxongechxon «sof oqim» nomi berildi. 1950–1953 yillardagi Koreya urushi vaqtida daryo atrofidaga barcha hududlar vayron qilindi, qochqinlar va uy-joyini yo‘qotgan aholi daryo qirg‘og‘i bo‘yida o‘zlarining yog‘och kulbalarini qurib, joylasha boshladi. Daryo juda ham iflos holga keldi: Chxongechxonga chiqindilar to‘kilardi va u badbo‘y axlat oqadigan yer osti kanali, ya’ni eng jiddiy iflos manbaga aylandi. 1960 yillarning oxirida hukumat aholi va xarob kulbalarni ko‘chirish orqali antisanitar holatga qarshi kurash boshladi, 1970 yili irmoq o‘rniga ikki yarusli tezyurar avtomagistral qurildi. Chxongechxon Janubiy Koreya davlatining industrial taraqqiyot ramziga aylandi. Vaqt o‘tishi bilan rejadan tashqari trafika tufayli yangi qurilgan yo‘l eskirdi, yo‘l chekkasiga qurilgan binolar, binolarning birinchi qavatida joylashgan do‘konlar ko‘rimsiz holga kelib qoldi. 2003 yili Chxongechxon daryosini qayta tiklash ishlari olib borildi. Rejaga ko‘ra daryo ustiga qurilgan avtomagistral to‘liq olib tashlanishi, daryo o‘zani ochilib, tozalanishi va tartibga keltirilishi, unga toza suv keltirish muammolari hal etilishi lozim edi. Bu loyihaning Bosh tashabbuskori poytaxt meri, keyinchalik Koreya Respublikasi prezidenti bo‘lgan Li Myon Bak edi. Loyiha shahar merining qurilish ishlari bo‘yicha Kengashi tomonidan tasdiqlandi, ammo aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Ko‘pchilik Seul markazida sun’iy daryo qurilishi uchun katta mablag‘ kerakligini ta’kidlashdi. Ammo 2005 yil 1 oktyabrda Chxongechxon daryosi ochilgandan so‘ng, mahalliy aholiga daryoning turistik, ya’ni Seulning qoq markazida dam olish hududiga aylantirilgan yangi ko‘rinishi ma’qul keldi. Yangi Chxongechxon shaharning markazida bir liniyali landshaft parkiga aylantirildi, bu yerda daryo bo‘ylab sayr qilish, toshlarda o‘tirib, suvni tomosha qilish mumkin, turli xil favvoralar esa ko‘zni quvontiradi. Chxongechxon daryosi buloq suvi kabi tiniq, endi u atrofiga bambuk o‘tqazilgan, yo‘lovchilar yuradigan ko‘prikchalar va avtomobil estakadalari o‘rnatilgan granitli qirg‘oqlar bo‘ylab oqadi. Daryoni to‘ldirish uchun har kuni Xangan daryosidan 120 tonna suv keltiriladi. Daryo boshida bir qancha: shamchiroq shaklida yoritib turuvchi uch rangli fontan, sirkulyar favvora-feyerverk va har kuni 65 tonna suv aylanadigan katta ikki yarusli favvora bor. Oqimning quyi qismida yer osti favvorasi bo‘lib, bu yerda suv 5 metr balandlikda 42 tuynuk orqali oqib tushadi va sayr qiluvchi xiyobonda besh-o‘n metrli arkani yuzaga keltiradi. Yana mashhur ritmik favvora ham mavjud, bu yerda suv mramor devor bo‘ylab oqadi. Ayniqsa, favvoralar kechki chiroqlar ostida yanada jozibali ko‘rinadi. Daryo uzunligi – taxminan 10 kilometr. Unda 22 ko‘prik qurilgan. Shaharda eng katta ko‘priklardan biri Tejon (Choson sulolasining uchinchi qiroli) qirolligining o‘ninchi yilida qurilgan Kvantxongyo hisoblanadi. Bu ko‘prik qirol oilasi va vazirlar uchun asosiy tantana eshigi bo‘lgan. Daryoning bir qancha devorlari mavjud.  Dunyodagi eng katta «keramik devor»i Panchxado rassomlar chizishi bo‘yicha, Kvangyo va Samilgyo ko‘priklari o‘rtasidagi qirg‘oqbo‘yini bezatib turadi. Dastavval devor Choson sulolasi 22-qirolining ota-onasi qabrlariga sakkiz kunlik ziyorati haqida hujjatli hisobotni namoyon qilgan. Devorning 192-metr balandligida qirol mulozimlaridan 1779 kishi va 7779 ot rasmi tushirilgan, qirollikdagi kundalik va bayram liboslaridan parchalar ko‘rsatilgan.

«Umid devori» daryoning ikki qirg‘og‘ini bezab turadi va o‘zida Koreyaning ikkiga bo‘linishi fojeasi va og‘riqlarini aks ettirib, ularning birlashishiga umid ma’nosini anglatadi. U keramik plitkalar bilan qoplangan, bu devorlarda Seul, KXDR va xorijda istiqomat qiladigan 20 mingdan ortiq koreys xalqi o‘zining dastxatini qoldirgan. Dastxatlar ikki davlatning birlashishiga umid ma’nosida qoldirilgan. 

«Madaniyat devori» daryoning yuqori qismi Ogansumun darvozasiga yaqinida joylashgan. Devor zamonaviy beshta rassomning «Kelajakka yo‘l» uyg‘un mavzusida chizgan ishlari bilan bezatilgan. Chxongechxon daryosi bo‘yida qayta ta’mirlash ishlari olib borildi. Hozirgi kunda Chxongechxon – bu Seuldagi eng go‘zal joylardan biridir. Uning qirg‘oq bo‘ylarida landshaft arxitektura asosida maydon va xiyobonlar, favvoralar qurilgan, kechki payt daryoga alohida go‘zallik baxsh etuvchi maxsus yoritgichlar o‘rnatilgan.

 Chxongechxon daryosi qirg‘oqlarida kechki payt turli xil madaniy tadbirlar,  jumladan, lazerli shoular uyushtiriladi, turli xil festivallar o‘tkaziladi. Har yili noyabr oyida Chxongechxon daryosining Chxonge va Supxyogyo ko‘priklari oralig‘idagi 1,2 km masofada Seul chiroq festivali o‘tkaziladi. Shunga o‘xshash festival birinchi marotaba 2009 yili o‘tkazildi, 2014 yildan boshlab tadbir «Seul chiroq festivali» deb nomlandi. Joriy yilda festival o‘zining 10-yilligini  «Yorug‘likka bag‘ishlangan Seul orzusi » nomi ostida nishonlaydi, tadbir doirasida Chxongechxon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab yonib turuvchi turli xil chiroqlar o‘rnatiladi.

Chxongechxon daryosi tarixi – barcha uchun o‘rnakdir.

Chxongechxon daryosini taklash bo‘yicha loyiha Venesiyada o‘tkazilgan 9- Xalqaro bennal arxitektura maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, Seul shahrida atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish hissini kuchaytirdi va poytaxtni «eko-shahar»ga aylantirishda qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ldi.