Sharq mumtoz adabiyoti va g‘arb zamonaviy adabiyotida insonning botiniy olamini o‘rganishdagi bog‘liqliklar (Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadur” va Paulo Koeloning “Alkimyogar” asari asosida)


  	Sharq  va g‘arb  adabiyoti  renessanslari  bir-biridan vujudga  kelish   payti,  sharoiti  bilan  farq  qiladi.  Sharqda  bu  jarayon  IX-XII  va  XIV-XV  asrlarda      o‘z  cho‘qqisiga  chiqdi. G‘arb davlatlarining  aynan  salib  yurishlari,  sharq  mamlakatlari   madaniyati  bilan tanishuvi g‘arbda  XIV-XVII  asrlarda renessans    davrining  boshlanishiga  turtki bo‘ldi.  Ushbu  jarayonlar davomida sharq  xalqlarining  madaniyat  o‘choqlaridan  foydalangan  g‘arblik  sayyohlar,  ijodkorlar  o‘z    asarlariga  yangi  mavzular,  yangi talqinlarni  olib  kirishdi
 Har  bir  davrda  inson  ulug‘  zot deya  atalgan  va  Alloh taolo  yaratgan,  o‘z  mavjudotlari orasida  aqliy jihatdan  ancha  yuksak bo‘lgan inson zotining  ( Abdulla  Oripov  aytganidek,  “Hazrati  inson”)  botiniy  olamini o‘rganish  sharq  va  g‘arb  adabiyotida oldindan  mavjud  bo‘lgan.  Xususan,  turkiy  xalqlarning    sevimli  ijodkori  Hazrat  Jaloliddin  Rumiy   inson  botiniy olamini o‘rganishni o‘z  oldiga  maqsad  qilib  oladi.  Avvalo,  Rumiy hazratlari  haqida qisqacha  ma’lumot  bermoqchimiz.  
	  Jaloliddin  Rumiy    hazratlari  1207-yil  qadimiy   Balx  shahrida  mashhur  mudarris,  ulamo, yirik  mutasavvuf  Bahovaddin  Valad  oilasida dunyoga keldi.  O‘sha  davr  Xorazm davlati  hukmdori   Alouddin  Muhammad  bilan  kelishmay  qolgan  otasi   avval  Makka  safariga, so‘ngra  Iroq-u  Ajam    va  boshqa   mamlakatlar  va  oxiri  Ko‘niyoda  muqim o‘rnashgan  edi.  

Rumiy hazratlarining yoshlik paytlarida o‘z tengqurlari orasidan osmonga uchganligi haqida ma’lumotlar bor. Bu esa ijodkorning islomiy an’analarni chiroyli tarzda davom ettirgani, Allohga yaqin bo‘lganligidan dalolat beradi. Rumiy hazratlarining beshta asari bor. Shulardan biri, “Ichindagi ichindadur” (“Fiyhi mo fiyhi”) asari ajralib turadi. Ushbu asarda Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy qarashlar o‘z ifodasini topgan. Filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov ushbu asarga quyidagicha ta’rif bergan edi: “Fiyhi mo fiyhi” asari Jaloliddin Rumiyning ilohiyot, tasavvuf, hayot va borliq haqidagi qaydlari, do‘stlari bilan bahs-munozaralarda paydo bo‘lgan mulohaza-muqoyasalari to‘plamidan iborat bo‘lgan asar. Bundan ko‘rinadiki, Rumiy hazratlari insonlar bilan muloqotda o‘z fikrlarini ham falsafiy , ham oddiy tarzda bayon etadi. Bu uning o‘z uslubi, o‘z estetik qarashlari borligidan dalolat beradi”. Biz Jaloliddin Rumiy bilan muqoyasa qilmoqchi bo`lgan ijodkor Paulo Koelodir. Paulo Koelo 1947-yilda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida dunyoga kelgan. Umri davomida ajoyib va betakror asarlar yaratayotgan, har bir XXI asr kitobxoniga tanish bo‘lgan bu ijodkor o‘zbek kitobxonlari orasida ham ancha mashhurdir. Bugungi globallashuv davrida dolzarb va har jihatdan muhim bo‘lgan inson qalbi, qalbning inson hayotidagi roli, ko‘p hollarda aql yordam bermagan paytda qalb doim yordam berishi mumkinligini adib o‘z kitobxonlariga yetkaza oldi. Asarlarining 120 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi ham ijodkor mavqeyining yorqin dalilidir. Ushbu asar tarjimonlaridan biri Ahmad Otaboy “Alkimyogar” asarini shunday ta’riflaydi:

 	 “Alkimyogar”   Richard  Baxning   “Oqcharloq  Jonatan”   yoki    “Sharpalar”  asarlariga  o‘xshamaydi. Ekzyuperining  “Kichkina  Shahzoda”  asariga  ham o‘xshash tomonlari   juda kam. Biroq  “Alkimyogar”ni  o‘qiganda o‘sha  rivoyat – qissalar  yodimizga  keladi.  Zotan,  bu  asar  hozirgi  zamon  kitobxonlari  uchun yozilgandek  va  “Alkimyogar”   turli  davlat arboblari-yu  mashhur  san’atkorlar  hamda hozirda  117 davlatdagi  millionlab  adabiyot  muxlislari  tomonidan   sevib o‘qilishi  shundan   dalolatdir” .  Va bundan xulosa qilishimiz mumkinki,  “Alkimyogar”  asari  badiiy estetikasi, insonga  ta’sir  qila olishi  bilan bu  asarlardan ajralib turadi.

O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi tabiiy. Nima sababdan inson qalbini o‘rganish g‘arb va sharq adabiyotida ham mavjud? Bizning fikrimizcha, buning asosiy sababi, insoniyatni muammolar qoshida to‘xtab qolmaslik, kelajakka ishonch bilan qadam tashlash, insonning jamiyat hayotidagi o‘rnini kuchaytirish, islom va boshqa dinlarda ham Alloh taolo diydoriga yetish yo‘lidagi maslahatlar bo‘lsa kerak .

Har ikkala  asarda  ham insonning   botiniy  olami  keng ochib  beriladi.  Ular o‘rtasida  juda ko‘p o‘xshashliklar  mavjud.  Garchi  ikkala asar  boshqa-boshqa  din vakillari  tomonidan  turli  davr,  turli sharoitlarda  yaratilgan bo‘lsa-da,  maslagi  bir-biriga  nisbatan  yaqin,  ya’ni  har  tomonlama komil insonni tarbiyalashga  yo‘l- yo‘riq  ko‘rsatishdan  iborat.

Xususan, birinchi o‘xshashlik: falsafiy qarashlar, chuqur ma’noga ega bo‘lgan fikrlarning ixcham shaklda bayon etilib, misollar orqali odamlarga soddalashtirib berilganidir. Bu haqida Najmiddin Komilov va Ahmad Otaboyning fikrlarini keltirmoqchimiz: “Rumiy murakkab so‘fiyona qarashlarni oddiy turmush tafsilotlari bilan tushuntirib beradi, intihosiz qudratga ega bo‘lgan inson aqlining, ruhiyatining mo‘jizalarini hayratomuz shaklda namoyish etadi. Rumiy ming yillar davomida to‘planib kelgan sharq falsafasi va hikmati, islomiy haqiqatlarni omixta eta olgan, tasavvuf va falsafani qo‘shib inson ruhi dialektikasini ochgan buyuk ijodkordir”.

   	“Alkimyogar” romani  mana  shunday ko‘lamli,  mazmunan falsafiy,  mohiyatan oddiy  insoniy muammo haqida”. Bundan  ko‘rinadiki,  ikki  asar  o‘rtasidagi  dastlabki  o‘xshashlik bu   -  ularning  murakkab falsafani  soddaviylik  asosida bayon etish,ya’ni “Ichindagi ichindadur”  asarida   Rumiy  bir joyda murakkab falsafani  quyidagicha  ifodalaydi.  Agar danakning  qobig‘ini olib, mag‘zini eksak, undan nihol unmaydi, lekin  qobig‘i olinmasdan  ikkalasi  baravar  ekilsa, unda  unish  hodisasi  yuz beradi.  Danak  mag‘zini  ruh-u,  qobig‘ini  jism  deb  olinsa, demak,  inson  biror maqsadga yetishish  uchun  har ikkala  asosga tayanishi, har qanday bir tomonlamalikdan  qochishi,  ruh va tan bir bo‘lishi kerakligini  oddiy qilib tushuntirgan.

Ma’lumki, bizning islom dinimizda begona odamga, musofir va yetimlarga saxiylik qilish barakaning boshi sifatida anglanadi va bu muqaddas manbalarda qayd etilgan. “Alkimyogar” asari sujetida bir voqeadan shu mazmundagi mulohaza kelib chiqadi. Xususan, Santyago safar davomida bir kissavur bolaga sherik bo‘lib qolib, o‘z pullarini oldirib qo‘yadi. Shundan keyin bir arab unga yordam qo‘lini cho‘zadi. Oradan uncha ko‘p o‘tmay qimmatbaho buyumlar savdosi bilan shug‘ullanmish arabning savdosi yurishib ketadi. Bu esa adibning yuksak mahoratidan darak berib, uning katta badiiyat ko‘rsatganidan dalolat beradi,nafaqat bu, balki asar muallifining sharq madaniyatiga, xususan, islom qadriyatlariga befarq emasligini ko‘rsatadi. Ikkinchi o‘xshashlik g‘oyaviylikdir . Shuni aytib o‘tishimiz lozimki, har ikkala ijodkor ham, avvalo, inson o‘z qalbiga quloq solishi kerakligini aytishgan. Xususan, Rumiy hazratlari: “Inson botini - ruhiyat olami”,- deydi. Rumiyning fikricha, qalb orqali inson alloh tomon yetishish, uning diydorini ko‘rishi, bundan tashqari o‘z hayot yo‘lidagi mashaqqatlarni yengib o‘tishi mumkin deya hisoblaydi. Paulo Koelo ham o‘z asarida, asosan, insonning taqdir so‘qmoqlarida adashib qolmasligi uchun qalbning muhimligi, inson irodasi har narsaga qodirligini ilgari suradi va bu holat asarda chuqur sharq falsafasi va tasavvufining kurtaklari borligidan dalolat beradi.Bundan ko‘rinadiki, Jaloliddin Rumiy hazratlari ham, Paulo Koelo ham qalbni o‘rganish, uni tahlil qilish yo‘lidan boradilar va o‘z maqsadlariga yetadilar. Yana bir o‘xshashlik esa mazmun va misollar keltirishda ko‘rinadi.Xususan, Rumiy hazratlari quyidagi fikrlarni aytadi: “Yo‘llar muxtalif, ammo maqsad bir, ya’ni alloh huzuri”. Paulo Koelo esa o‘z asarida Ahmad Otaboy aytganidek, “ “O‘z Taqdiring” nima degani? Bu xudo tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz davomida ado etishimiz lozim bo‘lgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib o‘tadigan o‘z yo‘limizdir”. Va bu shuni isbotlaydiki, har ikkala asarning asosiy tub mohiyati, tag zamirida komil insonni tarbiyalash, alloh huzuriga sof qalb, ezgu ishlar qilgan holatda borish, hayotda nimagadir erishish yotadi. Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, sharq mumtoz adabiyotining nodir durdonasi bo‘lgan “Ichindagi ichindadur” va g‘arb zamonaviy adabiyotining eng go‘zal namunalaridan bo‘lgan “Alkimyogar” asarlari tom ma’noda inson qalbini o‘rganishdagi shoh asarlardir. Foydalanilgan adabiyotlar: Jaloliddin Rumiy Ichindagi ichindadur (Ulug`bek Hamdam tarjimasi ) Toshkent :Yangi asr avlodi 2016 4-5-betlar Paulo Koelo Alkimyogar ( Ahmad Otaboy tarjimasi) www.ziyouz.com 1-bet