Abdurauf Fitrat-Fitrat vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni maʼrifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida o‘qituvchilik qilib, jadidchilik g‘oyalarini keng targ‘ib etdi. 1915-yildan „Yosh buxoroliklar“ harakatining so‘l qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha bo‘lib ish olib borgan boʻlsalar, keyinchalik ular ikkiga bo‘linib ketadilar. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat maʼrifat-madaniyat tarqatish yo‘lini tutgan bo‘lsa, ularning boshqa bo‘lagi Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev kabi chet mamlakatlarda o‘qib kelgan yoshlar omma o‘rtasida maʼrifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. Bunday bo‘linishning asosiy sabablari:Turkiston o‘lkasi, shu jumladan Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatning og‘irligi, rus podshosi va amirlikning ikki yoqlama zulmkorlik siyosati; bolsheviklarning mahalliy xalq o‘rtasida yurgizgan tashviqot va targ‘ibotlari taʼsiriga ishonuvchanlik; mahalliy xalq vakillarining siyosiy vakuumda saqlanganligi, ularning siyosat borasidagi g‘oyaviy-nazariy saviyasining yetarli darajada rivojlanmaganligi. Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan so‘ng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga ko‘chib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan „Hurriyat“ gazetasiga muharrirlik qiladi (1917-yilgi 27-sonidan 1918-yilgi 87-sonigacha), gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga O‘rta Osiyo jadidchiligining darg‘asi, muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda Fitrat shu-yillarda „Ittihodi taraqqiy“ tashkiloti Eski Buxoro bo‘limining raisi ham bo‘lgan.