Gʻoziyon guzari — Buxoro shahrining, Turki jandi qismida joylashgan qadimiy guzar[1].

Gʻoziyon guzari
Umumiy maʻlumotlar
Shahar Buxoro shahri

Tarixi

tahrir

Gʻoziyon guzarining tarixi XV asrga borib taqaladi. Aholisining asosiy qismini savdogarlar va mullalar tashkil qilgan. Ushbu guzar buxorolik musulmonlar istiqomat qiladigan joylarning markazi boʻlgan. Guzar hududida koʻplab madrasalar joylashgan boʻlib ularning eng kattasi XX asr boshida qurilgan Mullo Muhammad Sharif (Sadriddin Ayniy tahsil olgan) madrasasidir. Shuningdek, guzarda XV—XVII asrlarga oid Gʻoziyoni kalon madrasasi uning shimolrogʻida Gʻoziyoni poyon madrasasi, Muhammad Sharif madrasasining janub tomonida Choʻbin, Turki jandi qabristoniga yaqin joyda Girebonchok (Mirzo Bade madrasasi deb ham atalgan) madrasalari faoliyat yuritgan. Koʻcha ichida xonaqo uslubida qurilgan masjid, ayollar hammomi, chorrahada 18 ta doʻkondan iborat kichik bozorcha (sari bozori gʻoziyon), qabriston, choyxona va sartoroshxona joylashgan. Guzar hududida eʼtiborga molik ziyoratgohlardan Imom Gʻozi qabri joylashgan. Imom Gʻozi Buxoroning turli joylarida dafn etilgan „qirq toʻrt shahidlardan“ biri boʻlgan.

Hozirgi kunda Gʻoziyon madrasasining old tomoni taʼmirlangan va yaxshi saqlanib qolgan, boshqa kichik madrasalar aholiga turar joy binosi sifatida foydalanish uchun boʻlib berilgan, yoki, buzib tashlangan.

1927—yilgi maʼlumotlarga koʻra guzarda 97 ta hovlida 485 kishi istiqomat qilishi qayd etilgan. 1929—yilda Gʻoziyon, Xoʻja Ayyubiy, Maxdumi Aʼzam guzarlari birlashtirilib Dilkusho guzari deb atala boshlangan[2].

Manbalar

tahrir
  1. О. А. Сухарева.. “Квартальная община позднефеодального города Бухары”, 1976 — 95-bet. 
  2. Раҳматова С., Қурбонов Ҳ. Бухоро гузарлари тарихидан лавҳалар. Бухоро: Бухоро, 1995 — 22-bet.