Gastroenterokolit (gastro... va yun. enteron — ingichka ichak, kolon — yoʻgʻon ichak, itis — yalligʻlanish) — meʼda-ichak (xususan, ingichka va yoʻgʻon ichak)ning oʻtkir yalligʻlanishi. Organizmning ogʻir metallar, ishqorlar, spirt bilan zaharlanishi, kasallik qoʻzgʻatuvchi virus va bakteriyalar taʼsiri, ovqatlanish maromining buzilishi, ovqatdan yoki doridan yuzaga keladigan allergiya va b. sabab boʻladi. Koʻpincha, bakteriyalardan zararlanish tufayli roʻy beradi. Meʼda shirasi tarkibida kislota miqdorining kamayishi, organizmda vitamin yetishmasligi, jismonan zoʻriqish; spirtli ichimliklarga ruju qilish kabi omillar ham G.ga sabab boʻlishi mumkin. Kasallik, odatda, toʻsatdan boshlanadi, bemorning koʻngli aynib, toʻxtovsiz qayt qiladi, ichi ketadi, qorni ogʻrib, quldiraydi, ishtahasi yoʻqoladi. Baʼzan organizmning zaharlanish belgilari ham qoʻshiladi; bosh ogʻrib, gavda harorati koʻtariladi, ogʻirroq kechganda yurak-tomir faoliyati zaiflashadi, jigar va taloq kattalashadi; quvvatsizlik, xushdan ketish hollari kuzatiladi. Oʻtkir G. toʻla davolanmasa, surunkali tus olib, gastrit, kolit kabi asoratlar qoldirishi mumkin. Davo kasallikka sabab boʻlgan omilni bartaraf etishdan iborat, asosan parhez buyuriladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil