Gastrofilyoz — toqtuyokli hayvonlarning hazm organlarida uchraydigan surunkali invazion (yuqumli) kasallik. Kasallikni Castrophilidae oilasiga mansub meʼda boʻkasining lichinkasi qoʻzgʻatadi (qarang Boʻkalar). Urgʻochi boʻkalar hayvon bosh qismi juniga koʻplab (600 ta gacha) tuxum qoʻyadi. 4—10 kunda tuxumdan chiqqan lichinkalari hayvonning ogʻiz boʻshligʻi tomon harakatlanadi va lunj, til shilliq qavati orqali ogʻiz boʻshligʻiga tushib, hazm organlariga oʻtadi, meʼda va oʻn ikki barmoqli ichakda 9—10 oy yashaydi va bahor, yoz oylarida hayvon tezagi bilan tushib gʻumbakka aylanadi. Hazm organlarining shilliq pardasi shikastlanib katar, kamqonlik, oriqlash kuzatiladi. Anemiya kasalligi vujudga keladi. Toylarda esa koʻpincha toʻgʻri ichak tashqariga chiqib qoladi, hazm organlari faoliyati buziladi. Oldini olish: teriga yopishgan boʻka tuxumlari qashlagʻichda qirib tashlanadi. Boʻkalar uchadigan davrda. haftada bir marta insektitsidlar bilan hayvonlar teri qoplamiga ishlov beriladi yoki hayvon tanasi issiq suv bilan yuviladi. Bu ish boʻkalarning uchadigan davrida har 10 kunda takrorlanadi. Davolash: oktyabr— noyabr oylarida hayvonlarga 1% envest pastasi beriladi. Gastrofilyozlar Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida tarkalgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil