Gavgamela jangi - Makedoniyalik Aleksandr boshchiligidagi yunon qoʻshini bilan Doro Kodoman rahbarligidagi axomaniylar qoʻshini oʻrtasida hozirgi Arbil (Iroq) yaqinidagi Gavgamela (hoz. Tall-Gomel) qishlogʻi yaqinida sodir boʻlgan jang (mil.av. 331 y. 1 okt.). Doro qoʻshini tarkibida forslar va yollanma yunon askarlaridan tashqari Baqtriya satrapi Bess qoʻmondonligi ostida baqtriyaliklar, sugʻdiylar, hindlar boʻlgan. Bundan tashqari Doroning harbiy ittifoqchisi boʻlgan Mavak boshchiligidagi otliq, kamonchi saklar ham yetib kelib qoʻshinning soʻl qanotini egallaganlar. Arrioining boʻrttirib yozishicha, Doro qoʻshinida 40 ming otliq, 1 mln.ga yaqin piyoda jangchi, 200 chalgʻi oʻrnatilgan jang aravasi va hindlar olib kelgan 15 ta fil boʻlgan. Aleksandr qoʻshinida 7 ming otliq va 40 mingga yaqin piyoda jangchi boʻlgan. Jang otliq qoʻshinlarning shiddatli muhorabasi bilan boshlangan. Unda saklarning qoʻli baland kelgan, chunki ularning otlari zirxdi sovutpoʻsh bilan muhofazalangandi. Biroq makedon qoʻshinining qulay joylash-ganligi va forslarning Doro boshchiligidagi markaziga bergan qaqshatqich zarbasi natijasida Doroning sarosimaga tushib jang maydonini tashlab qochganligi jang taqdirini Aleksandr foydasiga hal qilgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil