Gavkushon madrasasi Gavkushon guzarida, Qarshi darvozasi yo‘lida, o‘ttiz bitta hujradan iborat bo‘lgan.

Gavkushon madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Tarixi tahrir

Uning Vaqf hujjati saqlanib qolgan. Unda mazkur madrasa hijriy 977-yil shavvol oyida (1570-yil mart-aprel') Jo‘ybor shayxlaridan Xoja Kalonxoja nomi bilan mashhur Nosiriddin Xoja Saʼd tomonidan qurilgani taʼkidlanadi. Uning yuqori va pastki hujrali, ichki va tashqi sahnali, peshtoqli hamda tahoratxonasi bo‘lgan. Vaqf hujjatining o‘lchami 19,5 sm juda ensiz qog‘ozga yozilgan. Yozuvi nastaʼliq, tili arabiy, forsiy. Bosh qismi charm, qog‘ozi bo‘zga shirachlab yopishtirilgan. Yaxshi saqlangan. Uzunasiga 233 qator, asl nusxa. Voqif Qorako‘l viloyatida Arg‘unshoh, Harqanruddagi Shirvon, Xutfardagi Asfand chandiq, Qasri jallobon va Mo‘g‘iyon kabi qishloqlardagi barcha yerlarini ushbu madrasa foydasiga vaqf qilingan. Mutavalli o‘zi, so‘ngra avlodlari, ulardan hech kim qolmasa, qozikalon mudarris bilan maslahatlashib mutavalli tayinlangan. Vaqf hujjatining Amir Shohmurod davrida ko‘chirilgan nusxasida „mudarrisning o‘zi mutavalli bo‘ladi“, deyilgan. Vaqf mulkidan tushgan mablag‘dan mutavalli ushr olgan. Undan qolgani madrasa imorati zaruratiga sarflangan. So‘ngra ramazon oyida har kuni musulmonlarga ulashish maqsadida 0,5 man undan non, 0,5 man go‘shtdan halim pishirilgan. Uni tayyorlash uchun 9 kumush tangaga masalliqlar sotib olingan. Uni pishiruvchiga har kuni bir tanganing to‘rtdan biri miqdorida haq to‘langan. Madrasa masjidi uchun har ikki yilda kigiz va bo‘yra sotib olingan. Qolgan mablag‘dan ushr olinib, u 5 qismga bo‘lingan. Mudarris undan 3 hissa, muazzin 1 hissa, madrasa va masjid xizmatchisi 1 hissa olgan. Xizmatchi asosan farroshlik vazifasini bajargan. Qolgan 9 hissadan mudarrisga 3, talabalarga 4 hissa berilgan. Bu madrasada talabalar oliy, avsat (o‘rta) va adno (quyi) toifaga bo‘lingan. Talabalarga ajratiladigan haqni mutavalli va mudarris maslahatlashib, ularning darajasi va fanlarni o‘zlashtirishini hisobga olib taqsimlab bergan. Qolgan 2 hissa madrasaga kelib yashovchilarga ajratilgan. Ko‘kaldosh, Gavkushon madrasalariga boshqa madrasalar hamda viloyatlardan mudarrislar va olimlar tez-tez kelib turishgan. Mazkur 2 hissa ajratilayotganida shu holatlar eʼtiborga olingan bo‘lsa kerak. Uzoq safarga ketgan va jamoat namozlarida ishtirok etmaganlardan hujra olib qo‘yilgan. Vaqf mulki bir kishiga uch yildan ortiq ijaraga berilmagan. Ushbu vaqf hujjati hijriy 977-yil zulhijja oyining yettinchi kuni (1580-yil 12 may) qozikalon tomonidan tasdiqlangan. Boshqa tarixiy manbalarda ham mazkur madrasa to‘g‘risida qiziqarli maʼlumotlar topish mumkin. Ulardan birida: „Ilgari sag‘ir moli so‘yiladigan joy bo‘lganidan shunday (yaʼni Gavkushon) atalgan“, — deyiladi. U Buxoroning beshinchi darajadagi eng oliy toifali madrasalaridan ikkinchisi bo‘lgan. Abdurauf Fitrat uning yillik vaqf mablag‘ini 190 ming tanga degan.[1]

Manbalar tahrir

  1. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. — B. 223.