Gaymorit — yuqori jagʻ suyagi boʻshligʻi (qarang Gaymor boʻshligʻi) shilliq qavatining yalligʻlanishi. Kechishiga koʻra oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali xillari farq qilinadi. Shamollash, gripp, tumov va b. infeksion kasalliklar, shuningdek burun boʻshligʻi va chirigan tishdan yalligʻlanish jarayonlarining Gaymor boʻshligʻiga tarqalishi, baʼzan yuqori jagʻ suyagining shikastlanishi sabab boʻladi. Oʻtkir G.ni vaqtida davolamaslik yoki chala davolash, baʼzan allergiya oqibatida surunkali G. roʻy berishi mumkin. G.da bemorning darmoni quriydi, eti uvishadi, yonoqlari shishadi, harorati koʻtariladi, yuqori jagʻi va boshi ogʻriydi, boshini burganda ogʻriq zoʻrayib, burni bitadi; koʻpincha burunning bir tomonidan yiring (yiringli G.) yoki shilimshiq (katar a l G.) oqadi, burundan nafas olish qiyinlashadi. Yarim oʻtkir va surunkali G.da kasallik alomatlari birmuncha sust namoyon boʻladi. Surunkali G. baʼzan yashirin kechib, sepsis, meningit, bosh miya abssessi va b. jiddiy asoratlar avj olishi mumkin. G.ning oldini olish uchun organizmni chiniqtirish, sport bilan shugʻullanish, sof havo va suv muolajalaridan bahramand boʻlish, shuningdek tumov, tish chirishi va b. kasalliklarni oʻz vaqtida davolatish kerak. Oʻtkir G.da turli dori-darmonlar buyuriladi, surunkalida koʻpincha jarrohlik usuli qoʻllaniladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil