Gaz almashinuvi - nafas olish, fotosintez va b. jarayonlarda gazlarning organizm bilan tashqi muhit oʻrtasida almashinuvi. Organizm nafas harakatlari vaqtida kislorod olib, karbonat angidrid, moddalar almashinuvining boshqa gazsimon mahsulotlari va suv bugʻini chiqaradi; bu deyarli barcha organizmdagi moddalar almashinuvi jarayonining zarur holati. Kislorodsiz dissimilyatsiya jarayoni sodir boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun organizm isteʼmol qilgan kislorod miqdoriga qarab, unda sodir boʻladigan oksidlanish jarayonining jadalligi va shu bilan birga paydo boʻlayotgan energiya miqdori oʻzgaradi. Uglevodlar, yogʻlar va oqsillar oksidlanganda energiya ajralib chiqadi. Qabul qilinadigan kislorod bilan chiqariladigan karbonat angidrid miqdori organizmning hayot faoliyati sharoitiga, muhit temperaturasiga, ovqat tarkibi va b.ga qarab turlicha boʻladi. Organizmning kislorodga ehtiyoji ortganda gaz yetkazib beruvchi aʼzo va sistemalarning faoliyati boshqacha boʻladi: nafas va qon aylanishi tezlashadi, qonning fizik-kimyoviy xossalari oʻzgaradi. Bir hujayrali organizmlarda G.a. oddiy diffuziya yoʻli bilan kechadi. Odam hamda yuksak hayvonlarda G.a.ni taʼminlaydigan maxsus aʼzo va sistemalar evolyutsiya jarayonida vujudga kelgan va rivojlangan. Odamdagi G.a. klinikalarda tekshiriladi, bu kasallikni aniqlashda diagnostik ahamiyatga ega. Hayvonlardagi G.a.ni oʻrganish koʻpgina biologik muammolarni hal qilish imkonini beradi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil